Ro‘yxatga olinganlarning 50 foizga yaqini ovoz berdi

Bugun soat 8.00 da Samarqand viloyatidagi 1111 ta referendum uchastkasida ovoz berish jarayonlari boshlandi.

Soat 11.00 holatiga ko‘ra, okrug hududidagi uchastkalarda 960 ming 880 nafar yurtdoshlarimiz yoki ro‘yxatga olingan ovoz beruvchilarning 46 foizi referendumga qo‘yilgan masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.

Referendum uchastkalarida fuqarolarning ovoz berishda ishtirok etishlari uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Ayrim sabablarga ko‘ra uchastkaga kela olmaydigan fuqarolar uchun ovoz berish ularning istagiga ko‘ra, yashab turgan joyida tashkil etilmoqda.
Uchastkalardagi ovoz berish jarayonlarini siyosiy partiyalarning, ilk bor mahalla fuqarolar yig‘inlarining vakillari bevosita kuzatib bormoqda.

Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan va akkreditatsiyadan o‘tkazilgan 40 dan ortiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari, chet ellik va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ham Samarqanddagi referendum jarayonlarini kuzatib bormoqda.

Shu paytgacha okrug komissiyasiga referendumga oid qonunchilik buzilishi yuzasidan murojaat kelib tushmadi.
Uchastkalarda ovoz berish davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga ko‘ra, okrug bo‘yicha ovoz beruvchilarning umumiy soni 2 million 81 ming 436 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 65 ming nafarini ilk bor ushbu siyosiy jarayonda qatnashayotgan yoshlar tashkil etmoqda.