Rubl tushishda davom etmoqda, migrantlar Rossiyani tark etishi kutilyapti

15 avgust kuni ertalab Rossiya banki asosiy stavkasini 12 foizga oshirdi. Bu kutilmagan qaror bo‘ldi. Birinchidan, stavkani oshirish uchun regulyator direktorlar kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirdi - bu juda kamdan-kam hollarda sodir bo‘ladi (oxirgi marta 2022 yil 26 mayda bo‘lgan). Ikkinchidan, bozor ancha vazmin qadamlarni kutayotgan edi. Natijada, Rossiya valyutasining kursi mahalliy maksimal 101 rubldan 95 rublgacha mustahkamlandi, ammo yarim soat ichida Moskva birjasida Amerika valyutasi yana 98, keyinroq esa 99 rublgacha ko‘tarildi.

Yil boshidan beri rubl dollarga nisbatan deyarli 30 foizga qadrsizlandi - hatto oshgan stavkani hisobga olgan holda ham birorta rubl depoziti bunday rentabellikni bermaydi. Shu kabi foiz stavkasini oshirish esa juda xavfli: kreditlar haddan tashqari qimmat bo‘ladi va iqtisodiyot to‘xtaydi. Buning oldini olish uchun Markaziy bank direktorlar kengashi qaror qabul qilishda muvozanat qidirmoqda.

Nima sababdan rublning tushishi to‘xtamayapti?

• Bu sabablar orasida birinchi navbatda Rossiya eksport xomashyosi narxining pastligi va sotishning kamayishi bor. Avgust oyidan beri Rossiya bozorga neft yetkazib berishni kuniga 500 ming barrelga qisqartirdi. Bu esa mamlakatga valyuta tushumini kamaytirib, defitsitni yuzaga keltiradi.
• Ikkinchidan, sanksiyalar tufayli eksportchilarning daromadlari tarkibi o‘zgardi: ular hozirda o‘z to‘lovlarining deyarli yarmini rublda qabul qilmoqda, bu ham dollar va yevro oqimini cheklaydi.
• Davlat xarajatlari yuqoriligicha qolmoqda, bu import va bozorda tanqis bo‘lgan valyutaga talabni oshiradi.

• Bundan tashqari, agar siyosatchi va bank arbobi Oreshkinning versiyasi to‘g‘ri bo‘lsa, ya’ni rubl kreditlashning yuqori stavkalari tufayli zaiflashayotgan bo‘lsa, unda stavka ko‘tarilgandan so‘ng tasvir darhol o‘zgarmaydi: iqtisodiyotda yangi kredit shartlarining ta’siri taxminan yarim yil ichida paydo bo‘ladi.

Rubl dollar va yevroga nisbatan zaiflashishining yana bir ayanchli holati - mamlakat aholisining 8 foizini tashkil etayotgan mehnat muhojirlarining uchdan bir qismi daromadlarning kamayishi tufayli Rossiyani tark etishi mumkin. Bunday prognozni Moskvadagi o‘zbek diasporasi rahbari Bahrom Ismoilov berdi. O‘zbek diasporasi vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 50 foizi dollar kursining o‘sishi tufayli Rossiyani tark etish haqida o‘ylashi, 25 foizi buni rejalashtirmayotgani, 25 foizi esa hali javob to‘g‘risida qaror qabul qilmagani ma’lum bo‘ldi. Onlayn so‘rovda jami 22 800 kishi ishtirok etdi, deb yozadi “Vedomosti”.

G.Xoldorova tayyorladi.