Rublning "depressiv" davri. Nima uchun Rossiya valyutasi zaiflashmoqda?

6 iyul kuni kim oshdi savdosida Rossiya valyutasi yana bir yillik eng past ko‘rsatkichni yangiladi: Moskva birjasida dollar kursi 93 rublga yetdi (AQSh valyutasi 2022 yil 28 martdan beri buncha qimmat bo‘lmagan), yevro ham 100 rubldan oshib, 2022 yil martidan buyon maksimal oshdi.

Yil boshidan beri rubl allaqachon Amerika va Yevropa valyutalariga nisbatan taxminan 30 foiz qiymatini yo‘qotgan bo‘lib, bu rivojlanayotgan mamlakatlar valyutalari orasida eng yomon ko‘rsatkichdir.

Nega rubl tez tushmoqda?

Rubl kursi bir oydan ko‘proq vaqt - 26 maydan beri doimiy ravishda tushib bormoqda. Mutaxassislarning aytishicha, buning asosiy sababi savdo balansidagi muammolardir.

Rossiya eksportchi davlat. Shuning uchun, u sotilgan tovarlarning bir dollari (birinchi navbatda, neft va gaz)dan qancha ko‘p rubl olsa, byudjetga shuncha ko‘p pul tushadi. Ammo bu yil, xususan, Yevropaning Rossiya uglevodorodlaridan voz kechishi sababli eksport bilan bog‘liq katta muammolar vujudga keldi. G‘arb tovarlarining “parallel importi” yo‘lga qo‘yilganligi sababli, mamlakatga xorijiy valyuta kamroq kirib, unga talab esa ortdi.

2022 yilda hamma narsa aksincha edi. O‘shanda Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan va G‘arb sanksiyalari joriy etilgandan so‘ng, Rossiyadan import keskin kamaydi va Yevropa neft va gazni g‘ayritabiiy yuqori narxlarda sotib olishda davom etdi. Natijada, mamlakatda valyuta ko‘paydi, ammo unga talab kam, vayron qilingan ta’minot zanjirlari va hali yangi voqelikka moslashmagan iqtisodiyot tufayli unga sotib oladigan hech vaqo yo‘q edi. Shu sababli, roppa-rosa bir yil oldin dollar 55 rubldan pastga tushdi.

Nega neft rublga ta’sir qilmayapti? Uning narxi tushmagan-ku

Haqiqatan ham, neft narxi yarim yil davomida amalda o‘zgarmadi. Shimoliy dengiz etaloni Brent uchun 2022 yil dekabridagi kabi bir barreli uchun 75 dollarni berishmoqda.

Ammo jahon iqtisodiyotining ahvoli yaxshi emas – neftga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi va u bilan birga narxlar ham tushib ketadi, degan xavotirlar bor. Shu sababli, OPEK va OPEK+ alyanslari mamlakatlari avgustgacha neft ishlab chiqarishni qisqartirishni uzaytirishga qaror qilishdi. Ular orasida eng yirik ishlab chiqaruvchilar - Saudiya Arabistoni va Rossiyadir. Ta’minotni qisqartirish orqali byudjeti xom ashyoga bog‘liq bo‘lgan eksportchi mamlakatlar narxlar tushishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ammo Rossiya uchun vaziyat ayniqsa qiyin. Chunki sanksiyalar tufayli uning nefti "kulrang" zonaga o‘tdi. 2023 yilning birinchi yarmida Rossiya byudjetining neft va gaz daromadlari 2022 yilning shu davriga nisbatan deyarli ikki baravarga qisqardi. Va buni rubl tushishining yana bir sababi deyish mumkin.

Shunday qilib Rossiyada yaqin tarixdagi eng katta byudjet taqchilligi ro‘y berdi. Joriy yilning besh oyida u 3,4 trillion rublga yetdi.

Vaholanki, agar xarajatlar kamaymasa, daromadlar ko‘paymasa, har qanday davlatning valyutasi tushishga mahkum. Bunga yorqin misol, bir yilda dollarga nisbatan ikki baravar tushgan Argentina pesosi. Mamlakatda savdo balansida shunday jiddiy muammo: byudjet xarajatlari katta, eksportchilar esa hech qanday yordam bera olmaydi, mamlakatda uzoq qurg‘oqchilik, shuning uchun don, go‘sht va vino ishlab chiqaruvchilari yo‘qotishlarga duch kelib, kam soliq to‘laydi.

Rublning qulashi uchun boshqa sabablar bormi?

Ha, Rossiya valyutasiga bosim o‘tkazadigan yana bir qancha omillar mavjud:

Rubl kursiga shuningdek, Moliya vazirligining byudjet qoidasi tariqasida iyul oyida valyuta savdosini kamaytirish qarori ham ta’sir ko‘rsatdi.  

Yana bir sabab -  valyutaga talab o‘sishi. Mutaxassislar boshqa omillar qatorida yirik importyorlar tomonidan chet el valyutasiga talab ortib borayotganini ta’kidlamoqda.

Shuningdek, yirik operatsiyalarni amalga oshirish rublning zaiflashishiga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, kuni kecha Federatsiya Kengashi norezident-banklarni savdolarga qo‘shishni ma’qulladi, bu ham chet el valyutasini qo‘llab-quvvatlash omili bo‘lib xizmat qiladi.

Yevgeniy Prigojinning isyoni rublga ta’sir qildimi?

Devalvatsiya (milliy valyutaning barqaror valyutalarga nisbatan qadrsizlanishi) omillaridan biri kapitalning chiqib ketishidir. Mamlakat barqaror va biznes uchun qulay bo‘lsa, unga sarmoya oqadi: korxonalar qurish, aksiyalar sotib olish va moliyaviy o‘sish. Hozir-chi, ko‘pchilik ijtimoiy to‘ntarishlardan qo‘rqib, pulni mamlakatdan olib chiqib ketmoqda.

"Vagner" XHKning harbiy qo‘zg‘oloni valyutaning chiqib ketishi jarayonini tezlashishiga hissa qo‘shgan bo‘lishi mumkin. Davlat notinchligi tabiiyki, jamg‘arma uchun ishonchliroq aktivlarni izlashga, boshqacha aytganda, dollar va yevroga o‘tishga majbur qiladi.

Aytgancha, rublning qulashi allaqachon bir qator tovarlar narxining ham oshishiga olib kelmoqda.

Rossiya rasmiylari rublning qulashi haqida nima deydi?

Moliyaviy organlar xavotirli dinamikaga qaramay, rublning narxiga aralashmoqchi emas. Hozircha valyuta intervensiyalari haqida ham gap yo‘q. “Biz rubl kursini nishonga olmaymiz, har qanday kurs biz uchun maqbuldir. Biz buni pul-kredit siyosatida hisobga olamiz. Markaziy bank moliyaviy barqarorlik uchun xavfni ko‘rgandagina intervensiyaga tayyor bo‘lib, harakat boshlashi mumkin. Hozir esa bunday xavf-xatar yo‘q”, dedi Markaziy bank raisi Elvira Nabiullina 6 iyul kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan Moliya kongressidagi chiqishi chog‘ida.

Valyuta kursining sakrash sabablaridan biri - avvalroq Markaziy bank kursining oshishi bo‘lishi mumkin. “Rubl kursining keskin tushib ketganini hisobga olsak, Rossiya banki asosiy stavka bo‘yicha qaror qabul qilishi kerak bo‘lgan 21 iyulgacha kutmasdan, uni ertaroq oshirishi mumkin, deb hisoblaydi mutaxassislar.

Nabiullinaning o‘zi bunday prognozlarni ehtiyotkorlik bilan izohladi: “Albatta, biz stavkani oshirish imkoniyatini tan olamiz, lekin bu butun sikl emas, balki bir martalik bo‘ladi, barchasi biz tahlil qiladigan vaziyatning rivojiga bog‘liq”.

Sberbank prezidenti German Gref moliyaviy tizim barqarorligi uchun xavf tug‘dirmaydigan vaziyatni baholashda Nabiullina gaplariga qo‘shildi. U kelajakda rubl biroz kuchayishi mumkinligini istisno qilmadi:

Kurs po‘kakdir. Biz narxlarga aralashishga urinayotgan mamlakatlar iqtisodiyotida qanday muammo borligini ko‘rib turibmiz. Bu po‘kak hozirda yuqoriga ko‘tarildi: iqtisodiyotning barcha tarmoqlari yangi voqelikka moslashadi va qandaydir yangi barqarorlik keladi. Ishonchim komil, kurs ko‘tariladi, u o‘tgan yilgi ekstremal past darajaga tushmaydi. Hech qanday g‘ayrioddiy narsa sodir bo‘lmayapti.

Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham aholini tinchlantirmoqchi bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rubl kursining o‘zgaruvchanligi mamlakatdagi iqtisodiy barqarorlikka tahdid sifatida qabul qilinmasligi kerak. Biz haqiqatan ham tebranishlarni ko‘rmoqdamiz: haqiqatan valyuta kursi o‘sib bormoqda, rubl tushmoqda. Ammo biz buni bir necha marta ko‘rganmiz - va orqaga qaytishlar bo‘lgan.

Xo‘sh, kelajakda rubldan nimani kutish kerak? Va valyutani sotib olish yoki sotishga arziydimi?

Sarosima, vahima to‘lqinidagi har qanday harakat - odatda eng zararli hisoblanadi. Agar siz valyutani almashtirmoqchi bo‘lsangiz, iqtisodchilar buni qismlarga bo‘lishni tavsiya qiladi, shunda xato qilish ehtimoli kamroq bo‘ladi.

Prognozlarga kelsak, ko‘pchilik mutaxassislar rublning yanada fundamental, ya’ni "adolatli" mohiyatiga qaytishi haqida gapirishmoqda. Ammo bularning barchasi moliyaviy tizim barqarorlashuvi va siyosiy qo‘zg‘alishlar bosilishiga bog‘liq.

Internet ma’lumotlari asosida G.XOLDOROVA tayyorladi.