Daraxtni ruxsatsiz kesgan fuqaro jarimaga tortildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahri Sadriddin Ayniy ko‘chasida tol daraxti kesilganligi to‘g‘risida tarqalgan xabar yuzasidan Samarqand shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi davlat inspektorlari o‘rganish olib bordi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu murojaatda ko‘rsatilgan joyda haqiqatan ham bir tup tol daraxti avariya holatida bo‘lib, 67-MTT tarbiyalanuvchilari hayotiga xavf solib turganligi bois, shu hududda yashovchi fuqaro N.S tomonidan noqonuniy tarzda, hech bir ruxsatlarsiz kesib olganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan huquqbuzar N.S.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismiga muvofiq bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 5 barobari miqdorida jarima qo‘llanildi va Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qaroriga asosan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 990 ming so‘m miqdorida zarar hisoblandi.