Samarada zaharlangan o‘zbekistonliklardan biri vafot etdi

Avval xabar berganimizdek, Samara viloyatida joylashgan “Koshelevskiy posad” korxonasida ishlaydigan 68 nafar O‘zbekiston fuqarosi “noma’lum moddadan zaharlanish” tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan edi. Bugungi kunda ulardan 48 nafari V.D.Seredavin nomidagi Samara viloyati klinik shifoxonasida va 1-son Tolyatti shahar klinik shifoxonasida bo‘lib turibdi. Ularning ahvoli barqaror-og‘ir deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi O.S. vafot etdi va hozirda Bosh konsulxona marhum hamyurtimizning jasadini vatanga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilishda ko‘mak ko‘rsatmoqda.

20 ta vatandoshimizga kasalxonadan javob berildi va ular ish joylariga qaytishdi. Ular mahalliy shifokorlarning doimiy kuzatuvida bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruh yuzaga keladigan masalalarni hal qilish uchun rossiyalik hamkasblari bilan aloqa o‘rnatdilar.

Shuningdek xabarda aytilishicha, Bosh konsulxona vaziyatni doimiy nazoratda ushlab turibdi.