Maxsus poyezd reysi orqali Samaradan 938 nafar yurtdoshimiz olib kelindi

Transport vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasining Samara viloyatidan olib kelish uchun “Toshkent–Kinel–Toshkent” temir yo‘l reysini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.

Rossiya va Qozog‘iston tomoni bilan kelishuvga binoan, joriy yilning 14 sentyabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ poyezdi 938 nafar yurtdoshlarimiz bilan “Kinel” stansiyasidan O‘zbekistonga jo‘nagan edi.

Mazkur poyezd Toshkent Janubiy vokzaliga yetib keldi. Ushbu reys orqali olib kelingan barcha fuqarolar avtobuslarda Toshkent viloyatidagi karantin zonalariga yetkazildi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonlik 4,2 mingdan ortiq muhojir Rossiyaning Samara viloyatidagi vaqtinchalik yashash punktida to‘planib qolgan. Lagerda ma’muriy va tibbiy chodirlar bor. Suv yetkazib berish, oziq-ovqat va zaruriy buyumlarning savdosi yo‘lga qo‘yilgan.