Samarqand aeroporti haqida tarqatilgan xabarga aniqlik kiritildi
Joriy yilning 19 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqand aeroportida bojxonachilar fuqarolar yukini guvohlarsiz noqonuniy ochib tekshirmoqda” sarlavhasi ostida xabar va videotasvir tarqatilgan. Ushbu xabar va videotasvir bo‘yicha Davlat bojxona qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qildi.
Ma’lumki, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab, respublikamizdagi barcha xalqaro aeroportlarda jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni tark etish bo‘yicha “yashil” va “qizil” yo‘laklar joriy etildi.
Xususan, Samarqand xalqaro aeroportida ham 2018 yil 1 yanvardan boshlab ikki yo‘lakli tizim to‘liq amaliyotga tatbiq etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida xalqaro parvozlar uchun ochiq aeroportlardagi yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda bagajni topshirish joylarida, bagajda olib o‘tiladigan tovarlarga nisbatan bojxona qonunchiligi buzilishlariga rioya etilishi, shuningdek, bunday qonunbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradigan sharoitlar yaratilgan hollardagina “yashil” va “qizil” yo‘laklarni joylashtirishga ruxsat etilishi belgilangan.
Samarqand xalqaro aeroportining kirish va chiqish zallarida yo‘lovchilarni bojxona nazoratidan tez va sifatli o‘tkazish uchun zamonaviy rentgen apparatlari o‘rnatilgan. Mazkur texnik vositasi yordamida fuqarolarning qo‘l va bagaj yuklari birma-bir emas, balki monitordagi tasvirlar bo‘yicha taqiqlangan yoki bojxona to‘lovlari to‘lamasdan olib kirish me’yorlaridan ortiqcha bo‘lgan tovarlar mavjud bo‘lishi mumkinligiga shubha tug‘ilgan hollardagina ayrim bagajlar egasi ishtirokida ko‘zdan kechiriladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videotasvirda xorijdan uchib kelgan yo‘lovchilar bagajlari bojxona xodimi tomonidan rentgen apparatidan o‘tkazilmoqda. Bunda bagajlar bojxona xodimi tomonidan yo‘lovchi yoki xolislar ishtirokisiz ochib tekshirilayotgani yo‘q, balki barcha bagajlarni birma-bir ochib tekshirish amaliyotini istisno etgan holda ular ichidagi narsa-buyumlar rentgen apparati yordamida kuzatilmoqda.
Ushbu rentgen apparati monitoridagi tasvirlarga ko‘ra, ichida taqiqlangan buyumlar yoki bojxona to‘lovlari to‘lamasdan olib kirish me’yorlaridan ortiqcha bo‘lgan buyumlar mavjud bo‘lishi mumkinligiga shubha uyg‘otgan 1 ta bagajni keyinchalik tashqarida bojxona xodimi va yuk egasi ishtirokida ko‘zdan kechirish uchun qizil skotch bilan belgi qo‘yilganlik holati videotasvirda aks etgan.
Bu kabi nazorat shakli “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimi joriy qilingan barcha davlatlar bojxona amaliyotida keng qo‘llaniladi.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, Samarqand xalqaro aeroporti orqali joriy yilning 9 oyi davomida jami 286 212 dan ortiq yo‘lovchilar harakatlangan. Shundan 278 363 nafari, ya’ni 97,3 foiz yo‘lovchi “yashil” yo‘lak orqali o‘tgan. 7 849 nafari, ya’ni bor-yo‘g‘i 2,7 foiz yo‘lovchi “qizil” yo‘lakdan harakatlangan.
Afsuski, ayrim yo‘lovchilar tomonidan yurtimiz xalqaro aeroportlarida yaratilgan ushbu imkoniyatlarni suiiste’mol qilganlik, bojxona qoidalarini buzish holatlari ham uchrab turibdi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 162-moddasida jismoniy shaxsning yashil yo‘lakdan o‘tishi bojxona qonunchiligi talablariga rioya etish majburiyatidan ozod etilmasligi aniq belgilab qo‘yilgan.
“Samarqand aeroporti” chegara bojxona posti tomonidan 2019 yilning shu kuniga qadar jami 201 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, ular bo‘yicha 1 038,3 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yilgan.
E’tiborlisi shundaki, ushbu huquqbuzarliklarning aksariyat qismi aynan “yashil yo‘lak”ni tanlagan yo‘lovchilar tomonidan sodir etilgan. Aniqlangan qonunbuzarlik holatlaridan 6 tasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Xalqimizda “Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qilar”, degan dono gap bor. Shunday ekan, yaratilgan imkoniyat va qulayliklardan to‘g‘ri foydalanish, qonunlarni hurmat qilishimiz lozim bo‘ladi.