Samarqand aholisining 66 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Bu kammi, ko‘pmi?

Viloyatda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashda qanday ishlar amalga oshirilyapti? Bu borada qanday muammolar bor? Kelgusidagi rejalar nimalardan iborat?
Samarqand viloyat Matbuot uyida viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasi rahbar va mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu kabi savollarga javob izlandi.
- Ayni kunda viloyatimiz aholisining salkam 66 foizi markazlashgan holda toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan, - deydi korxona rahbari Komiljon Yusupov. – Bu kam, albatta. Shu bois 21 foiz aholi muqobil ichimlik suv manbalaridan foydalanyapti, 14 foiz aholiga maxsus transportlar orqali obi hayot yetkazib berilmoqda. Aholining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida 2018 yilda 53,3 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 69 ta ob’yektda qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi, natijada viloyatdagi 80 mingga yaqin aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 50 mingdan ortiq aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi. Bu yil 89,3 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 71 ta ob’yektda qurilish-montaj ishlari bajarilib, 2020 yilning 1 yanvar holatiga aholining ichimlik suv bilan ta’minlanish darajasi 67,1 foizga yetishi kutilmoqda.
Anjumanda ichimlik suvi ta’minotida muammolar yuzaga kelishining sabablariga ham to‘xtalib o‘tildi. Masalan, Samarqand shahri aholisiga yetkazib berilishi mo‘ljallangan ichimlik suvining qariyb beshdan bir qismi iste’molchiga yetib bormaydi.
- Shaharning ayrim hududlarida yaroqsiz holga kelib qolgan tarmoqlar bunga asosiy sabab bo‘lmoqda, - deydi K.Yusupov. – Jumladan, shahar hududida 378 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i eskirgan. Aynan shunday joylarda avariya va suvning behuda isrof bo‘lishi holatlari ro‘y bermoqda. Albatta, bunday holatlarning oldini olish uchun zarur choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, shaharda “Samarqand viloyatining obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi” mablag‘lari hamda xalqaro moliya institutlari kreditlari hisobidan yangi suv tarmoqlari qurildi, mavjudlari ta’mirlandi, shuningdek, oqova suv quvurlari rekonstruksiya qilindi va yangilash amalga oshirilmoqda.
Akram BO‘RIYeV.