Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida madaniy meros ob’yektlarini asrash fakulteti ochiladi

“Turizm va sport vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5054-son, 06.04.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.

➡️ Qarorga ko‘ra, Madaniyat vazirligining moddiy madaniy meros sohasidagi YuNESKO bilan ishlash hamda muzeylar va kutubxonalarni rivojlantirish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalari tegishliligicha Turizm va sport vazirligi hamda Madaniy meros agentligiga o‘tkazildi.

🔰 Qarorga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan:
- Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida madaniy meros ob’yektlarini asrash fakultetlari;
- Buxoro arxitektura va qurilish kollejida Madaniy meros ob’yektlarini asrash yo‘nalishi ochiladi.

🏢 Shuningdek, Turizm va sport vazirligi ta’sischiligida “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish direksiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil etiladi.

🖥 2021 yil davomida moddiy madaniy meros ob’yektlari, muzey, sport majmualari va boshqa namoyish ob’yektlarida elektron to‘lov, turniket (lazer-datchikli) va video qayd qilish moslamalarini o‘rnatishni, kirish biletlarini oldindan sotib olishni nazarda tutuvchi yagona markazlashgan elektron tizim joriy etiladi.

🔁 2021 yil 1 sentyabrga qadar mazkur tizim namuna sifatida Samarqand shahrida yo‘lga qo‘yiladi.

📌 Bundan tashqari, hududlarda uzoq yillar davomida shakllangan me’morchilik maktablarini saqlab qolish va rivojlantirish maqsadida davlat muassasasi shaklida “Madaniy meros ob’yektlari restavratsiyasi direksiyasi” va bosqichma-bosqich ravishda uning mintaqaviy restavratsiya markazlari tashkil etiladi.

❗️Eslatib o‘tamiz: hozircha Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida arxitektura yodgorliklari restavratsiyasi va rekonstruksiyasi yo‘nalishi mavjud bo‘lib, unda 64 nafar talaba tahsil olmoqda.