SamDTUda urologiyaning dolzarb masalalari muhokama qilindi
Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Urologiyaning dolzarb masalalari: nazariya va amaliyot birligi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro anjumanda Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Belarus, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va tibbiyot markazlari urologlari ishtirok etdi.
Konferensiyaning ochilish marosimida Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov, universitet rektori Jasur Rizayev, respublika Urologlar ilmiy jamiyati raisi Farhod Akilov, Kursk davlat tibbiyot universiteti rektori Viktor Lazarenko va boshqalar so‘zga chiqib, anjumanni oliygohlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikdagi ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Xalqaro konferensiyaning asosiy qismi 7 ta yalpi majlisda davom ettirildi. Unda respublikamiz va xorijdagi 27 ta tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va tibbiyot muassasalaridan jami 80 dan ortiq urolog-amaliyotchi va yosh olimlarning “Endourologiya: urolitiaz va prostata bezining xavfsiz giperplaziyasini davolashdagi innovatsiyalar”, “Laparoskopik urologiya: O‘zbekiston urologlarining yutuqlari va xorijiy tajriba” yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyadan qilinadigan xulosalar urologiya fanini rivojlantirish, yangi bilimlarni kundalik amaliy ishlarga tadbiq etish, iqtidorli yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish hamda tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim muassasalarida urologiya fanini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Odilbek AHMEDOV.