Samarqand davlat universiteti botanika bog‘i "Xalqaro botanika bog‘lari" assosatsiyasiga qabul qilindi
Mazkur botanika bog‘i o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida tashkil topgan, maydoni 36 gektar. Bog‘da 5000 dan ziyod mevali va manzarali daraxtlar, butasimon va gul o‘simliklari mavjud. Ulardan tabiiy va aniq fanlar yo‘nalishiga doir ilmiy ishlarda foydalanib kelinmoqda.
"Xalqaro botanika bog‘lari" assosatsiyasi qarorgohi Londonda joylashgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi botanika bog‘laridagi daraxt va o‘simliklarni himoya qilish va ular ustida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishdan iborat. Samarqand davlat universiteti botanika bog‘ining ushbu assosatsiyasiga a’zo bo‘lishi bir qator afzalliklarga ega.
Jumladan:
- dunyodagi botanika bog‘lari bilan hamkorlikni yaxshilash, turli xil tadbirlar o‘tkazish;
- bu yerda mavjud bo‘lmagan manzarali va mevali daraxtlarni namunalarini olib kelish va ko‘paytirish;
- yurtimizdagi noyob o‘simliklarga oid axborotlarni xalqaro doirada keng targ‘ib qilish;
- Samarqand viloyatiga kelayotgan turist va mehmonlarni sayohatga taklif qilish;
- Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar o‘rtasida tanlov va konferensiyalar tashkil etish, tabiiy, aniq va ijtimoiy fanlarga oid tadqiqotlar o‘tkazish, o‘simliklar dunyosi xilma-xilligini boyitish, tuproq unumdorligi ustida dala tajribalarini o‘tkazishdan iborat.
– Hozirgi kunda bog‘imizda nafaqat universitet tadqiqotchi olimlari, balki boshqa oliy ta’lim muassasalari vakillari ham ilmiy izlanishlar olib bormoqda, - deydi botanika bog‘i direktori, biologiya fanlari nomzodi, dotsent Shuhrat Hamroqulov. – Bog‘ni yangilash, dorivor o‘simliklarni ko‘paytirish, katta hajmdagi issiqxona qurish loyihalarini ishlab chiqqanmiz. Buning uchun barcha sharoit mavjud.
Behruz Shamsiddinov,
Samarqand davlat universiteti axborot xizmati xodimi.