Samarqand Germaniyaning yirik migratsiya va ishga joylashtirish kompaniyalari bilan hamkorlikni boshladi
Germaniya Federativ Respublikasida ishchi tashrifi bilan bo‘lib turgan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sherbek Bo‘ronov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bugun ushbu mamlakatda faoliyat yuritayotgan va xalqaro miqyosda xizmat ko‘rsatuvchi migratsiya konsaltingi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida mehnat migratsiyasi, malakali kadrlar tayyorlash, xorijda ish bilan ta’minlash hamda tadbirkorlik sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlash joizki, Monvel UG, Arsel GmbH va Novatera GmbH kompaniyalari xalqaro HR (inson resurslari), ishga joylashtirish va migratsiya konsaltingi sohasida faoliyat olib boruvchi nufuzli tashkilotlar hisoblanadi. Ushbu kompaniyalar Germaniya mehnat bozoridagi ehtiyojdan kelib chiqqan holda turli davlatlardan malakali mutaxassislarni jalb qilish, ularni ish beruvchilar bilan bog‘lash va huquqiy-tashkiliy jarayonlarda ko‘mak berishga ixtisoslashgan.
Shuningdek, mazkur kompaniyalar xorijlik fuqarolarga Germaniyada IT, muhandislik, tibbiyot, xizmat ko‘rsatish va texnik sohalarda faoliyat yuritish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishda amaliy yordam ko‘rsatadi. Xususan, viza rasmiylashtirish, mehnat shartnomalarini tayyorlash, til kurslariga yo‘naltirish, yashash joyini topish va yangi muhitga moslashish kabi jarayonlarda hamrohlik qiladi.
Bundan tashqari, kompaniyalar tadbirkorlar va investorlarga Yevropa bozoriga chiqish, biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ham taqdim etadi. Bu esa mahalliy tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida Sherbek Bo‘ronov kompaniyalarning rahbarlari — Denis Mariya Hradeski, Aslam Fattoyev va Murat Paskal Dursun bilan ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi. Suhbat chog‘ida Samarqand viloyatida yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, ularning xorijiy tillar bo‘yicha bilimlarini oshirish, Germaniya mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida tadbirkorlik, mehnat migratsiyasi, mutaxassislarni tayyorlash va ishchilarni o‘qitish yo‘nalishlarida hamkorlik qilishni nazarda tutuvchi memorandumlar imzolandi. Tomonlar ushbu kelishuvlar kelgusida Samarqand viloyati aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, xalqaro mehnat bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.