Samarqand Gyumri shahri bilan birodarlashadimi?

Yaqinda Samarqand shahar hokimi vazifasini bajaruvchi B.Obloqulov nomiga Armaniston Respublikasi Gyumri shahri meri Samvel Balasanyandan rasmiy xat keldi.

Xatda Gyumri shahri meri ikki shahar o‘rtasida do‘stlik va birodarlik rishtalarini o‘rnatish taklifini bildirgan.

Gyumri shahri Armaniston respublikasida poytaxt — Yerevandan keyingi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy markaz hisoblanadi. Qadimiy Armaniston va arman xalqining tamal toshi ham shu maskanda qo‘yilgan. Qadimiylik va zamonaviylikni o‘zida mujassam etgan ushbu shahar Samarqand kabi o‘z o‘rniga ega bo‘lgan maskandir.

Gyumri shahri merining ushbu rasmiy taklif, murojaati Samarqand shahar rahbariyati tomonidan ijobiy baholandi. Umid qilamizki, kelgusida Gyumri Samarqandning birodarlashgan shaharlari safidan o‘rin oladi.

Hozirga qadar Samarqand shahri Yurmala (Latviya Respublikasi), Chenju (Koreya Respublikasi), Florensiya (Italiya), Rio-de-Janeyro (Braziliya), Lahor (Pokiston), Lvov (Ukraina), Lej (Belgiya), Plovdiv (Bolgariya), Banda-Achex (Indoneziya), Lion (Fransiya), Bremen (Germaniya), Samara va Krasnoyarsk (Rossiya Federativ Respublikasi) singari shaharlar bilan birodarlashgan.

Quvondiq XALILOV.