Samarqand korxona va tashkilotlarida 13 ta holatda majburiy mehnat ko‘rinishlari aniqlangan

Bu haqda viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Usmonov ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilgi paxta yig‘im-terimi jarayonida Samarqand viloyati bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi hududiy davlat mehnat inspektorlari tomonidan 86 ta monitoring ishlari olib borilgan.

Xususan, viloyat miqyosida Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on, Past Darg‘om, Payariq, Oqdaryo, Nurobod va Ishtixon tumanlari paxta dala maydonlarida fuqarolarga shart-sharoitlar yaratilganligi, terilgan paxta pullarini to‘liq to‘lab berilishi hamda majburiy mehnatga jalb etilishi holatlari yuzasidan monitoring ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

Majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida viloyat bandlik bosh boshqarmasining davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 2019 yilning o‘tgan 10 oyi davomida fuqarolardan kelgan murojaatlar asosida 18 ta korxona va tashkilotda majburiy mehnatga jalb etish holatlari o‘rganilgan.

O‘rganishlarda 13 ta holatda majburiy mehnat ko‘rinishlari aniqlangan hamda aybdor shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) bilan ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan.

Jumladan, viloyat miqyosida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti, Bulung‘ur tumanidagi 48-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Narpay tumanidagi 30-, 68-umumiy o‘rta ta’lim maktablari, Oqdaryo tumanidagi 38-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Jomboy tumani obodonlashtirish boshqarmasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan ishlar qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 37-, 41-, 43-, 55- hamda Oqdaryo tumanidagi 38-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan mutasaddi xodimlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 2-qismiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan ishlar qo‘zg‘atilgan.

Jami qo‘zg‘atilgan ishlarda 8 million 474 ming 100 so‘m miqdoridagi jarimalar qo‘llanilib, davlat foydasiga undirilgan.

O‘rganishlarda 5 ta murojaat bo‘yicha majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganligi isbotlanmagan.

Yo.GADOYeV.