Samarqand milliy qadriyatlari Boysunda namoyish etiladi
Surxondaryoning Boysun tumani eng so‘lim maskanlardan biri. Ayniqsa, bahor vaqti qir-adirlar betakror, go‘zal ko‘rinish kasb etadi. Bu har qanday odamga ham ilhom berishi tabiiy.
Boysun tumani Padang qishlog‘ida joriy yilning 27-29 aprel kunlari xalqaro «Boysun bahori» festivali o‘tkaziladi. Festivalda nafaqat respublikamiz folklor jamoalari, balki chet elliklar ham ishtirok etadi.
Ushbu festivalda Payariq tumanining “Chinor” folklor etnografik jamoasi viloyatimizga xos urf-odat va qadriyatlarni namoyish etadi.
- “Chinor” folklor etnografik jamoamiz 1986 yilda Mustafo Suvonov tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, bugun tumanimiz, viloyatimizga xos bo‘lgan an’analarni ijro etib kelmoqdamiz, - deydi jamoa badiiy rahbari Erali Qilichov. - Festivalning qir-adirliklarda o‘tishi ham kishiga zavq beradi, ijodga undaydi. Jamoamiz bilan Payariqda to‘y, yilboshi, qontarovdi, tushov kesdi, bo‘shama, moshpoya kabi xalqimizning qadim urf-odat va o‘yinlarini namoyish etamiz. Misol uchun, endi yurayotgan bola ko‘p yiqilsa, tushov kesdi marosimi to‘rt-besh nafar qarindoshlar bilan o‘tkaziladigan udumlarimizdan biri. Bunda bolaning oyoqlariga ip bog‘lanib, kulchalar yumalatiladi. Va tushov kesiladi. Ushbu marosimdan keyin bolaning yiqilishi kamaydi.