Samarqand shahrida 2015-2018 yillarda 159 ta ob’yekt shaharsozlik normalariga to‘liq rioya etilmasdan noqonuniy qurilgan
Bu haqda Samarqand viloyati matbuot uyida viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Shukurov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Samarqand shahrida qurilish ishlarini olib borish bo‘yicha joriy etilgan yangiliklar, Shaharsozlik kengashi faoliyati bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Samarqandning shaharsozlik infratuzilmasini rivojlantirish va sayyohlik potensialini yanada rivojlantirish maqsadida “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasi bosh loyiha instituti hamda xorijlik konsultant-arxitektorlar va viloyatning salohiyatli loyiha tashkilotlari bilan birgalikda shaharning 2035 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi qayta ishlab chiqilayotgani qayd etildi.
– Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 sentyabrdagi yig‘ilish bayoniga ko‘ra, Samarqand shahrining bosh rejasi va batafsil rejalashtirish loyihasi ishlab chiqilib tasdiqlangunga qadar Samarqand shahrida turistik ob’yektlar va Investitsiya dasturiga kiritilgan ijtimoiy soha ob’yektlaridan boshqa qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan – dedi A.Shukurov. – Bosh rejaning ishlab chiqilishi munosabati bilan YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” tarixiy markazi qo‘riqlanadigan hududlar chegarasi, 2020-2025 yillarga mo‘jallangan rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy-ekspert guruhi Samarqand shahriga kelib, bosh reja mualliflari hamda tegishli mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda shaharning tarixiy qismi hamda bufer zonasidagi madaniy meros ob’yektlarini o‘rgandi.
Bugungi kunda Samarqand shahrining tarixiy qismini batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish, hududdagi mavjud madaniy meros ob’yektlarini shahar xaritasida belgilash hamda tarixiy qismi va bufer zonasida joylashgan barcha turar va noturar joylarni xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha 73 mahalla fuqarolar yig‘inlari kesimida ishchi guruhlar tashkil etildi. Mazkur ishchi guruhlari tomonidan Samarqand shahrining tarixiy qismi (Temuriylar davri hududi)dagi 14 mahallada 5741 ta, yangi shahar qismidagi 8 mahallada 4025 ta, tarixiy hududning bufer zonasi qismidagi 51 mahallada 19 ming 445 ta turar va noturar joy ob’yektlari xatlovdan o‘tkazildi.
Shuningdek, respublika ishchi guruhi tomonidan 2018 yilning sentyabr-oktyabr oylarida Samarqand shahrining tarixiy qismi va bufer zonasida qurilgan barcha ob’yektlarda o‘rganishlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2019 yil 6 fevraldagi topshirig‘ida o‘rganish natijasida 2015-2018 yillarda jami 159 ta (75 ta turar, 84 ta noturar joy) ob’yekt shaharsozlik normalariga to‘liq rioya etilmasdan noqonuniy qurilganligi ko‘rsatilgan. Mazkur ob’yektlarning 18 tasi respublika miqyosida, 141 tasi viloyat miqyosida hal etilishi bo‘yicha xulosa berilgan.
Bugungi kunda respublika miqyosida hal etilishi kerak bo‘lgan 18 ta ob’yektning 1 tasini to‘liq buzish, 16 tasini qisman buzish, 1 tasining qurilishini to‘xtatish hamda hozirgi holatida qoldirish belgilangan.
Viloyat miqyosida hal etiladigan 141 ta ob’yektning 16 tasida qurilish ishlari boshlanmagan, 12 tasi qisman buzilishi, 62 tasining fasad ko‘rinishini Madaniyat vazirligi bilan kelishilishi, 46 tasining shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilib, qonunga muvofiqlashtirishi qayd etilgan.
Bugungi kungacha Madaniyat vazirligi ilmiy kengashi tomonidan 141 ta ob’yektdan 96 tasining loyihasi ko‘rib chiqilib, 64 tasi ma’qullandi, 32 tasi bo‘yicha binoning balandligi, fasad qismining tarixiy muhitga mos ravishda qayta ishlab chiqish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi, qolgan 45 ta ob’yekt bo‘yicha kengash muhokamasida taqdim etish uchun loyiha takliflari tayyorlanmoqda.
Matbuot anjumanida bundan buyon Samarqand shahrida qurilish ishlari Shaharsozlik kengashida muhokama etilib, loyihalar tasdiqlanganidan so‘ng amalga oshirilishi qayd etildi.
Anjuman davomida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.