Samarqand shahrida 40 yillik o‘qituvchi nohaq ishdan bo‘shatilgan. Sud uni o‘z lavozimiga qayta tikladi
Albatta, kim qonunni buzdim, deydi. Har ikki taraf, ya’ni javobgar - Samarqand shahridagi maktablardan birining direktori va da’vogar o‘qituvchining sudda bergan ko‘rsatmasi ham shunday.
Sud dastlab, da’vogarning ko‘rsatmalarini tingladi:
- Aslida ishdan bo‘shatilishimga o‘z haqimni talab qilganligim sabab bo‘ldi, - deydi 1981 yildan buyon o‘qituvchilik qilib kelayotgan Mukarram Norimova (ism, familiyalar shartli). - Chunki rahbarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgandim. Bunga javoban direktor o‘tgan yilning avgust oyidagi ish haqimdan olib qoldi. Nohaqlik bo‘yicha viloyat hokimligiga shikoyat-ariza yozganimdan so‘ng ushlab qolingan pullarimni qaytarib berishdi.
Tabiiyki, rahbar o‘z xodimi oldida yuzi shuvut bo‘lib qolganligidan achchig‘i chiqqan. Shu bois u barcha o‘qituvchilarni “yozuvchi”ga qarshi qo‘yib, u dars berayotgan o‘quvchining otasidan bo‘hton arizani yozdirib olib, 2019 yil 19 oktyabrda mehnat shartnomasini asossiz va noqonuniy ravishda bekor qiladi.
- Bir yarim yildan beri maktab direktori lavozimida ishlab kelayapman, - deydi Sanobar Bo‘tayeva. - Ungacha shahar xalq ta’limi bo‘limida ishlaganman. Boshida Mukarram Norimova bilan yaxshi munosabatda bo‘lganman. Rahbar sifatida hamma qatori undan ham tartib-intizomni talab qilganman. Ammo u o‘zi dars berayotgan sinfdagi o‘quvchining shaxsiga tegadigan so‘zlarni aytgan. Bu haqda o‘quvchining otasi yozgan ariza asosida u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Direktorning izohlashicha, bu holat ichki mehnat tartib-qoidalarining 2.28-bandi talablariga ko‘ra, da’vogar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga asos bo‘ladi.
Ammo qonunda nizoni ko‘rish vaqtida ish beruvchiga mehnat shartnomasini bekor qilish asosliligini isbotlab berish mas’uliyati yuklatilgan.
Ushbu holatda xodim aybli xatti-harakatni tan olmaganligi, ish beruvchi esa xodimning aybli xatti-harakati, ya’ni da’vogar o‘quvchini haqorat qilganligini sudda isbotlab berolmaganligi sababli maktab direktorining mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyrug‘i g‘ayriqonuniy, deb topildi.
Sud qarorida Mukarram Norimovani avvalgi lavozimiga ishga tiklab, maktab hisobidan uning foydasiga majburiy progul vaqtlari uchun ish haqi undirish belgilandi.
Shuningdek, 446 ming so‘m davlat boji maktab hisobidan undiriladigan bo‘ldi.
Yu.MUHAMMADIYeVA,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.