Samarqand shahrida 5 million tup gul, 101 ming tup daraxt ekiladi

Kunlar ilishi bilan joylarda obodonchilik ishlari avjiga chiqmoqda. Ayni paytda mavsum uchun zarur asbob-uskunalar, ish qurollari, urug‘, ko‘chatlar g‘amlanmoqda.

Samarqand shahri obodligi, tozaligi uchun mas’ul bo‘lgan obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xizmatchilari ham mavsumdagi ishlarga puxta hozirlik ko‘rmoqda. Boshqarma tasarrufidagi issiqxona xo‘jaligida bahorgi mavsumda ekish uchun 1 million tupdan ortiq gul parvarishlanmoqda.

- Aslida boshqarmada gul ekish ishlari qishin-yozin to‘xtamaydi, - deydi boshqarma bosh agronomi Abdulatif Bahodirov. – Bugungi kungacha markaziy ko‘chalar, xiyobonlar, tarixiy obidalar atrofida sovuqqa chidamli «Viola», «Qirovgul» kabi gullarni ekib, shahrimiz obodligini ta’minlayapmiz. Bu gullar may oyigacha o‘z chiroyini saqlab turadi. Hozir bahorgi mavsumda ekiladigan gullarni parvarishlayapmiz.

Joriy yilda shahrimizga 5 million dona gul ekish rejalashtirilgan. Ayni paytda issiqxona xo‘jaligimizda 1 million tup gul tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, ijaraga olingan issiqxonalarda gul yetishtirish ishlari olib borilmoqda.

Shahar obodonlashtirish boshqarmasi issiqxona xo‘jaligida ish qizg‘in. Undan ortiq turdagi gul va rayhon ko‘chatlari ekishga tayyorlanmoqda.

- Issiqxonamiz maydoni 50 sotixni tashkil etadi, - deydi issiqxona xo‘jaligi mas’uli Qahramon Sattorov. – Havoning sovib ketishi, yog‘ingarchiliklar sabab qishki mavsumda ekishga mo‘ljallangan gullarimiz ko‘proq muddat issiqxonada qolib ketdi. Sekin-asta havoning ilishi bilan ushbu gullarni shahrimiz bo‘ylab ekyapmiz. Ularning o‘rnida bahorgi va yozgi mavsum uchun urug‘ qadaymiz. Umuman olganda, issiqxonamiz yil davomida bo‘sh turmaydi. 25 nafar ishchi bu yerda doimiy ravishda gul ko‘chatlari tayyorlash bilan band bo‘ladi.

Obod joyda baraka bo‘ladi, degan naqlga amal qilgan holda boshqarma ishchi-xizmatchilari obodonchilik ishlarini o‘z hududlarini ko‘rkamligini ta’minlashdan boshladi.

Samarqand shahri beshta, ya’ni Bog‘ishamol, Siyob, Bog‘ibaland, Temiryo‘l, Qorasuv hududlariga bo‘linib, obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Hududlarda rahbar, brigadir, agronom, dizayner, irrigator,  ko‘kalamzorlashtiruvchi, hududlarni qo‘lda tozalovchi ishchi-xodimlar ishlaydi.

Yunus BOBONAZAROV,

Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i.