Samarqand shahrida aqlli kutubxona ochilishi doirasida 300 ming yevro miqdorida investitsiya kiritiladi

Viloyat hokimligi, “MM nashrlari” xalqaro delegatsiyasi vakillari va “Innovatsion markaz” nodavlat ta’lim muassasasi mas’ulari bilan bo‘lgan uchrashuvda ushbu masala muhokama qilindi.

Shuningdek, o‘qituvchilar uchun mahorat darslarini tashkil etish va Samarqand shahridagi maktablarni uslubiy qo‘llab-quvvatlash, darsliklar, elektron o‘quv kitoblari va dasturlar, xorijiy tillarni rivojlantirish rejalari, Samarqand davlat universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.

- Prezidentimiz qaroriga asosan yoshlarni sifatli o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlash asosida smart kutubxona tashkil qilyapmiz, - deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xorijiy tillarni ommalashtirish agentligi Samarqand viloyati boshqarma boshlig‘i Muhammadjon Soliyev. – Buning uchun ko‘plab hamkorlar bilan ishlayapmiz. Xususan, bugun dunyoga mashhur “MM nashrlari” vakillari hamkorlik taklifi bilan keldi. Qo‘llanmalar bilan jihozlangan ham kutubxona, ham o‘quv qo‘llanmalari sotiladigan zamon talablariga javob beradigan smart kutubxona tashkil qilish rejasini muhokama qildik. Bu yerda yoshlar kitob mutolaa qiladi, xorijiy tillarni o‘rganadi, qolaversa, yoshlar nafaqat ingliz tili, balki matematika va IT sohasida ham o‘z bilimlarini oshirish imkoniga ega bo‘ladi.

Tashkil etilishi rejalashtirilgan yangi kutubxona jahon tajribasiga asoslangan holda eng yangi o‘quv materiallari, o‘quv qurollari, smart manbalar, elektron materiallarni namoyish qilish uchun kompyuterlar, zamonaviy o‘quv-metodik kitoblar, shuningdek, chet tillarni o‘rganish uchun zarur resurslar bilan ta’minlanadi. Birinchi navbatda kutubxonada 20 mingdan ortiq kitob va dasturlarni kiritish, elektron dasturlar taqdimotini o‘tkazish uchun zamonaviy kompyuterlar o‘rnatilishi va yiliga 40 mingdan ortiq aholini qamrab olish maqsad qilingan.

Sulaymon Mardiyev.