Samarqand shahrida giyohvandlik vositasi savdosiga chek qo‘yildi

Bu ishni muqaddam sudlangan shaxs amalga oshirmoqchi bo‘lgan. Ushbu shaxs - Qosim Erkinov (ism, familiyalar o‘zgartirilgan) 1991 yil Samarqand shahrida tug‘ilgan. 2017 yil dekabr oyida o‘g‘irlik jinoyati sodir etgani uchun ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Oradan ikki yil o‘tib, 2019 yil yanvar oyida sud tomonidan unga imkoniyat berilib, o‘talmay qolgan ozodlikni cheklash jazosidan shartli ravishda ozod etilgan.

Ammo Q.Erkinov berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri xulosa qilmasdan, yana bir bor qasddan jinoyatga qo‘l urdi.

Bir kuni Q.Erkinovda o‘zi saqlab kelayotgan marixuana giyohvandlik vositasini mo‘may pulga sotib, boyib ketish istagi paydo bo‘ldi. Odatdagi kunlarning birida giyohvandlik vositasiga xaridor ham topila qoldi. U Tohir ismli shaxsga gugurt qutilariga alohida-alohida qadoqlangan, og‘irligi 17,09 gramm marixuana giyohvandlik vositasini 150 AQSh dollariga sotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Q.Erkinovning qora niyati amalga oshmadi. Yo‘qsa qancha odamlar ushbu zahri qotil domiga tushgan bo‘lardi.

Sud Q.Erkinovning o‘talmagan jazosi borligini inobatga olib, unga tegishli tartibda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Shohrux MIRZAAHMEDOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.