Samarqand shahrida o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar ko‘paydi
Samarqand shahrida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Samarqand shahar hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shahardagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha idoralararo hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Ta’kidlanishicha, yil boshidan buyon shaharida sodir etilgan umumiy jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31 foizga (249-171) kamaygan bo‘lsa-da o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar (3-4) ko‘paygan.
Yig‘ilishda Anhor, So‘zangaron, Shukrona, Tinchlik, Ko‘ksaroy mahallalarida sodir etilgan jinoyatlar atroflicha tahlil etilib, ularning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar muhokama qilindi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik A.Toshpo‘latov jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar kutilmagan samarani bermayotganligini qayd etdi. Shuningdek, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish borasida idoralararo hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar bilan yig‘ilganlarni tanishtirib, kelgusida jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.