Samarqand shahridagi 24-maktabda qo‘y so‘yilmagan

Joriy yilning 12 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi 24-umumta’lim maktabida qassobxona ochilgani yoxud qo‘y so‘yib, go‘shti sotilganligi bilan bog‘liq ma’lumot tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan bugun viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, Samarqand shahar davlat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi hamda shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimlari ishtirokida shahardagi 24-umumta’lim maktabida o‘rganish ishlari olib borildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu maktabning texnologiya fani o‘qituvchisi I.A. 2019 yilning 11 noyabr kuni ukasi D.U. boqqan bir bosh qoramolni Payariq tumanidagi “Dilnoza” mas’uliyati cheklangan jamiyati kushxonasida so‘ydirib, go‘sht mahsulotining ma’lum qismini maktab o‘qituvchilarining iltimosiga ko‘ra, Samarqand shahridagi 24-umumta’lim maktabi hududida, o‘quv binodan 100-150 metr uzoqlikda nimtalab tarqatgan. O‘qituvchilar go‘shtni nasiyaga olib, o‘zaro kelishgan holda pulini oylik maosh olganda berishga kelishgan.

Holat mutaxassislar tomonidan o‘rganilganda, haqiqatan ham maktab hududida qoramol ham, qo‘y ham so‘yilmagani, olib kelingan qoramol kushxonada so‘yilganligiga oydinlik kiritildi (Samarqand viloyat Payariq tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limining 027298-sonli ma’lumotnomasi mavjud).

Biroq go‘shtni nimtalab, tarqatgan fuqarolarning tibbiy ko‘rikdan o‘tgan yoki o‘tmaganligi noma’lumligi, shuningdek, ularning maxsus kiyimda emasligi mutaxassislar tomonidan o‘qituvchi hamda maktab rahbariyatiga tushuntirilib, ularga tegishli tartibda ogohlantirish berildi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.