Samarqand shahridagi Dari-zanjir madaniy merosi asrab qolinadimi?
Viloyat madaniy meros boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Samarqandda 130 ta madaniy meros ob’yekti yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi. Ular orasida Samarqand shahridagi Dari-zanjir madaniy meros ob’yekti ham bor.
Dari (eshik) – zanjir (zanjirlangan), ya’ni zanjirlangan eshik ma’nosini bildiradi.
Dari-zanjir Samarqand shahridagi qadimiy mahallalardan biri bo‘lib, shimoldan Mahdumi Xorazmiy, sharqdan Faqih Abulays, janubdan Yalangbek va g‘arbdan Qozi G‘ofur mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan va aksariyat aholisi Zomin tumanining Kultepa qishlog‘idan ko‘chib kelgan.
Abu Tohir Xojaning “Samariya” asarida yozilishicha, “Darvish Xolid mozori Dari Zanjir mahallasidadir. U Husayn Xorazmiyning xalifalaridan bo‘lib, suluki jahriya ekan. Dari-zanjir Amir Temur Ko‘ragon xotinining raboti bo‘lib, Chokardizaning g‘arb tomonida va musulmonlarning qabristoniga tutashgan”, deb qayd qilingan. XVI-XVII asrlarda mahalla Hayoti Xon (Xonning hovlisi) nomi bilan ham yuritilgan. XVIII asrda hududda madrasa, maktab, hovuz, savdo do‘konlari faoliyat ko‘rsatgan.
- Ota-bobolarimiz Dari-zanjir madaniy merosi XI asrda dastlab qal’a bo‘lgani, XIV asr oxirlarida Samarqandning sharqiy-janubiy qismida mahallaga aylantirilgani haqida ko‘p aytardi, - deydi Dari-zanjir mahallasida yashovchi Jo‘raxon Mallaxo‘jayev. - Bu yerda Amir Temur va temuriylarning yaqin qarindoshlari, keyinchalik din peshvolarining oilalari yashagan. Ular ayollarini nomahramlardan himoya qilib, hujra eshiklarini zanjirlab qo‘ygan va begonlarning kirishi taqiqlangan. XIV asr oxiri XV asr boshlarida Dari-zanjir hujrasi yaqinida katta masjid ham bo‘lgan. Masjidga keluvchilar hujradan darsxona sifatida ham foydalangan. Jumladan, Alisher Navoiy ham Samarqandda yashagan yillari bu yerga kelib turgan.
2009-2016 yillarda o‘zim ushbu mahallaga raislik qilganman. O‘sha yillarda hashar qilib yoki tadbirkorlar homiyligida ob’yektni ta’mirlash bo‘yicha taklif bergandim. Ammo mas’ullar madaniy merosga ziyon yetishini aytdi va 2014 yilda ob’yekt ta’mirlanishi, mablag‘ ajratilishi ma’lum qilindi. Ammo hozirgacha hech qanday amaliy ish qilinmadi. Ayni paytda majmua xaroba holatda turibdi.
Dari-zanjir madaniy merosi mahalla binosi ro‘parasida joylashgan bo‘lib, to‘rt hujradan iborat. Hozirda ob’yekt devorlari abgor holatga kelib qolgan va bitta hujra nurab tushgan. Qolgan uchta hujradan mahalla aholisi omborxona sifatida foydalanib kelmoqda. Agar majmua tez fursatda himoyaga olinmasa, qolgan qismi ham yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.
- Majmua Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari Milliy ro‘yxatiga kiritilgan va mahalliy ahamiyatdagi moddiy madaniy meros ob’yekti hisoblanadi, - deydi viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ziyodulla Nasimov. - Ob’yektning umumiy maydoni 70,13 kvadrat metrni tashkil etadi va rostdan ham uzoq yillardan buyon ta’mirga muhtoj. Shu bois, madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti va Madaniy meros ob’yektlari restavratsiyasi direksiyasi bilan hamkorlikda Dari-zanjir majmuasining loyiha smetalarini ishlab chiqib, joriy yil ob’yektda ta’mirlash, tiklash va konservatsiya ishlarini olib borish rejalashtirilgan.
Aytish joizki, bundan oldingi yillarda ham ushbu majmuani ta’mirlash va konservatsiya qilish maqsadida bir necha marta dasturga kiritilgan. Afsuski, bu ishlar qog‘ozda qolib ketyapti. Biz viloyatda yo‘qolib ketishi mumkin bo‘lgan 130 ta madaniy meros ob’yektidan bittasi haqida to‘xtaldik, xolos. Qolgan madaniy meros ob’yektlarining taqdiri nima bo‘ladi, ular qanday asrab qolinadi?
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.