Samarqand shahriga press-tur: Kichik sanoat zonalarining faoliyati o‘rganildi
Davlatimiz rahbari tomonidan 2018 yil 16 martda qabul qilingan “Samarqand viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatda 17 ta kichik sanoat zonalari tashkil qilingan edi.
Jumladan, Kimyogarlar shaharchasidagi “Saturn metall qayta ishlash” MChJ korxonasi rangli va rangsiz metallarni qayta ishlash, oshxona jihozlari, muzlatkich va sovutkichlarini, santexnika mahsulotlari hamda duxovkalarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Samarqand shahar hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan press-turda jurnalist va blogerlar dastlab shu korxona faoliyati bilan tanishdi.
- 2019 yilda mahsulot ishlab chiqarishni boshlaganmiz, - deydi korxona rahbari Zarrux Muhammadiyev. - Korxonamizda 60 nafarga yaqin ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning o‘rtacha oylik maoshi 2 million so‘m, haftada 6 kun ish. Hozirda korxonada 250 turdan ortiq sifatli mahsulot ishlab chiqarilib, asbob-uskunalar Xitoy, Turkiya va Italiyadan keltirilmoqda. Joriy yilning olti oyida 16 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqardik. Kelajakda mahsulotlarni xorijga eksport qilishni rejalashtiryapmiz.
Bundan tashqari, Samrqand shahar Farhod shaharchasidagi “Temir-beton bazasi”ning 1,5 gektar yer maydonida ham kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Ushbu kichik sanoat zonasida qiymati 4,7 million dollarga teng bo‘lgan, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 3 ta yirik loyiha joylashtirilgan. Shulardan biri “Shoxruh Betono-ekspert” xususiy korxonasi hisoblanadi.
- Korxonamizni 250 million so‘m kredit va o‘z mablag‘imiz evaziga tashkil qilgandik, - deydi ushbu korxona direktori o‘rinbosari Rustam O‘tkirov. – Dastlab Xitoy va Germaniyadan uskunalar olib kelib, eshik va romlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Mahsulotlarimizni viloyatlarga va Rossiyaga sotyapmiz. Hozirda korxonada 25 kishi faoliyat yuritmoqda. Kelajakda ish o‘rinlarini ko‘paytirib, eshik-romlarni ko‘plab xorijiy mamlakatlarga eksport qilishni rejalashtiryapmiz.
Shuningdek, shaharchada Angliya bilan hamkorlikda tashkil qilingan “Samarkand England Eco-Medical” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
- Korxona 2012 yilda tashkil qilingan, - deydi korxona bosh direktori Munis Saidjonov. – Korxonamiz dori vositalarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, ish uch navbatda tashkil qilingan va 300 nafar ishchi-xodim faoliyat olib bormoqda. Xodimlarning o‘rtacha maoshi 2 million so‘m va bepul ovqatlanishlari uchun sharoit yaratilgan. Mahsulotimizni dori vositalarini qadoqlash sexlariga va xorijga sotyapmiz. Ayniqsa, dorilarning aksariyati Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Gruziya davlatlariga eksport qilinadi.
Press-tur davomida matbuot anjumani ham tashkil etildi. Unda Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari Erkin Rajabov ishtirok etib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha axborot berdi va jurnalistlar savollariga atroflicha javob qaytardi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.