Samarqand shahrining 4 ta ko‘cha va chorrahasida 15 yanvardan onlayn tizimida ishlovchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositasi ishga tushiriladi

Samarqandda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida Samarqand shahrining 4 ta ko‘cha va chorrahasiga 2019 yil 15 yanvardan onlayn tizimida ishlovchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositasi ishga tushiriladi.

Viloyat hokimining qaroriga asosan hozirgi kunda Samarqand shahridagi Registon ko‘chasida joylashgan “Registon maydoni majmuasi” qarshisidagi piyodalar o‘tish joyiga, Mirzo Ulug‘bek – Bo‘stonsaroy, Mirzo Ulug‘bek – Shoxrux va Mir Said Baraka – Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari chorrahalariga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari o‘rnatildi.

Mazkur uskunalar 2019 yilning 15 yanvar kunidan boshlab ishga tushadi. Ular orqali yo‘l harakati qoidalari, ya’ni transport vositasini boshqarish vaqtida telefondan foydalanish, svetofor ishorasiga bo‘ysunmaslik, yo‘l chizig‘i va belgilariga amal qilmaslik kabi qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilar aniqlanib, ularga nisbatan doimiy choralar qo‘llanilishi joriy etiladi.

Shu bilan birga viloyat ko‘chalarida onlayn tizimida ishlayotgan 4 ta “Arena” rusumli tezlikni o‘lchash uskunalari mavjud va ular yordamida bugungacha 39 mingga yaqin qoidabuzarliklar aniqlangan.

Shuningdek, o‘tkazilgan bir qator profilaktik va reyd tadbirlari natijasida o‘tgan 2018 yilda jami 309.068 ta qoidabuzarliklar, shundan 119.769 ta qo‘pol, 8.726 ta mast holda transport vositasini boshqarish va 13.247 ta piyodalar qoidabuzarliklari aniqlanib, uni sodir etgan shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.

Olib borilgan tadbirlar natijasida o‘tgan 2018 yil mobaynida 2017 yildagiga nisbatan viloyat hududida sodir etilgan jami yo‘l-transport hodisalari soni 8,4 foizga, ular oqibatida halok bo‘lganlar 6,5 foizga, tan jarohati olganlar 12 foizga kamayishiga erishildi.

Shu bilan birga, bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari soni 16 foizga, ularda tan jarohati olganlar soni 18,5 foizga kamaydi.

Joriy yilda Samarqand shahridagi barcha chorrahalarga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan va bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

Viloyat IIB YHXB xodimlari sizlardan yo‘l harakati qoidalariga to‘la rioya etishingizni so‘rab qoladi.

Yo‘lingiz bexatar bo‘lsin.