"Samarqand-Toshkent-Sankt-Peterburg" yo‘nalishida muntazam avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur yo‘nalishda ilk qatnov joriy yilning 25 fevral kunidan boshlanadi. Qatnovlar kunora amalga oshiriladi. Yo‘nalishda O‘zbekiston tomonidan "Uzautotrans service" MChJ va Rossiyaning "TTK GLOBUS" MChJ yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Qatnov Samarqand avtovokzalidan soat 09:00 boshlanadi va “Toshkent” avtovokzalidan avtobus 15:00 jo‘naydi. Qatnov masofasi 4436 kilometrni tashkil etadi. Yo‘lovchilar Sankt-Peterburg markaziy avtovokzaliga eltib qo‘yiladi.

Mazkur yo‘nalish bo‘ylab chipta narxi Samarqanddan 840 000 so‘m Toshkentdan esa 800 000 so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, joriy yilning 15 fevral kunidan e’tiboran Toshkent-Omsk yo‘nalishida ham muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha chipta narxi 450 000 so‘m etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Rossiya Federatsiyasiga “Toshkent- Nijniy Novgorod”, “Toshkent-Qozon”, “Toshkent-Moskva” yo‘nalishlarida muntazam avtobus qatnovlari ham amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda transport vazirligi Rossiya Federatsiyasining boshqa shaharlariga ham muntazam avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Shu o‘rinda safarga chiqayotgan yo‘lovchilardan belgilangan manziliga yetib olishda faqatgina qonuniy asosda faoliyat yuritayotgan va kafolatlangan, xavfsiz xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar xizmatidan foydalanish tavsiya etiladi.

Shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlardagi muntazam avtobus qatnovlari va chipta narxlari bo‘yicha to‘liq ma’lumotlarni “Toshkent” avtovokzalining (71) 207-87-00 telefon raqamlari orqali olish mumkin.