Samarqand tumani aholisi qayerda dam oladi? Bolalar qaysi attraksionlardan foydalanadi?

Tumanda haligacha istirohat bog‘i yo‘q. Vaholanki, 2010 yilda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2011 - 2015 yillarda madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlangandi. Ushbu hujjatda, madaniyat va istirohat bog‘lari shahar, tuman hokimliklari muassisligida davlat korxonasi shaklida tashkil etilishi va faoliyat ko‘rsatishi belgilab qo‘yilgan.

Biroq, oradan 10 yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay Samarqand tumanida hanuzgacha madaniyat va istirohat bog‘i yo‘q. Nima, Samarqand tumani aholisi hech bo‘lmasa ishdan keyin farzandlari bilan sayr qilishni, ular bilan madaniy hordiq chiqarishni istamaydi, deysizmi?

Tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Jumayevga shu masala yuzasidan murojaat qilganimizda madaniyat va istirohat bog‘ini barpo etish uchun yer ajratish masalasi ko‘rilganini, bu ishga tuman madaniyat bo‘limi mas’ul hisoblanishini bildirdi.

Qiziq, qurilish, obodonlashtirish masalasi bilan shu soha bo‘yicha o‘rinbosar emas, uni qabul qilib oladigan tashkilot mas’ul bo‘lsa-ya.

Tuman madaniyat bo‘limi mutaxassisi Ma’ruf Toshpo‘latov taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 2018 yil 7 iyulda tuman hokimining "Samarqand tumani mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Yangiariq agrotexservis” agrofirmasi hududidan madaniyat va istirohat bog‘i qurish uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Unda tuman “Yangiariq agrotexservis” agrofirmasi yer xaritasining 312-konturidan 5 gektar yer maydoni ajratilishi belgilangan. Bog‘ning loyiha taklifi tayyorlangan. Ammo ish ushbu loyiha taklifi bilan yakunlangan.

Hukumat qaroriga e’tibor qilinsa, madaniyat va istirohat bog‘larida aholi, ayniqsa, bolalar hamda o‘smir yoshlarning madaniy dam olishi uchun qulay shart-sharoit yaratish ko‘zda tutilgan. Xususan, bog‘da bolalarning mo‘’jaz sport maydonchalari, attraksionlar, suv havzalari, shuningdek, raqs va ko‘chma sirk uchun mo‘ljallangan maydonchalar, amfiteatr, shinam o‘rindiqlar barpo etilishi kerak edi.

Samarqand tumanida “Vavilon” va shunga o‘xshash dam olish joylari borku, deb e’tiroz bildiruvchilar bo‘lishi mumkin. Biroq, ularning qay birida attraksionlar va ko‘ngilochar o‘yinlar qurilmalarining ixcham, qulay va zamonaviy turlari o‘rnatilgan?

Mayli, tuman hokimligi mutasaddilari aholini, ayniqsa, bolalarni o‘ylamas. Ammo yozgi ta’til davrida bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan madaniy-ommaviy hamda sport tadbirlari o‘tkazilishini aynan madaniyat va istirohat bog‘larida yo‘lga qo‘yish belgilangan. Xo‘sh, Samarqand tumanida yoshlar ittifoqi, tegishli tashkilotlar bunday tadbirlar o‘tkazmaydimi? O‘tkazayotgan bo‘lsa, unda qayerda o‘tkazyapti? Kollej yoki maktabning issiqdan “tutab” borayotgan sport zalidami?

Yuqoridagi qayd qilingan hukumat qarorida yoz mavsumida aholining turli qatlamlarini jalb etgan holda aynan madaniyat va istirohat bog‘larida ko‘rik-tanlov, festival va ko‘rgazmalar, turli sport musobaqalari tashkil etish belgilangan. Xo‘sh, Samarqand tumanida nima uchun bu ish yo‘lga qo‘yilmagan?

Savollar ko‘p. Biroq tuman mutasaddilari bu masalaga “o‘zi bo‘lar” qabilida ish tutmoqda. Nega viloyatda shu sohaga mas’ul bo‘lgan tashkilotlar ham panja orqasidan qaramoqda?

Negaki, Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan 12 ta madaniyat va istirohat bog‘i foydalanishga topshirilgan.

Samarqand, shu bilan birga Qo‘shrabot, Paxtachi, Oqdaryo va Nurobod tumanlarida bugungi kungacha madaniyat va istirohat bog‘lari tashkil qilinmagan. Xo‘sh, bunga kim javob beradi?

Baxriddin XONKELDIYeV.