Samarqand tumani mas’ullariga turizm o‘gay sohami?

Viloyatimizda turizm borasida Samarqand va Urgut tumanlari Samarqand shahridan keyingi salohiyatli hududlar sanaladi. Negaki, turizm sohasini mazkur ikki hududda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biriga aylantirishning imkoni mavjud.

Shu bois, ushbu tumanlarning turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni kompleks rivojlantirish bo‘yicha viloyat hokimligining 2020 yil 8 yanvardagi “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.

Biroq Samarqand tumani hokimligi tomonidan uning ijrosini ta’minlash uchun mas’ullar biriktirilib, muddatlar belgilanmagan. Oqibatda 26 ta banddan iborat “Yo‘l xaritasi”ning bor-yo‘g‘i 7 tasining ijrosi to‘liq ta’minlangan.

Bu haqda viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida aytib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, tumanda ekoturizm va ovqatlanish ob’yektlarini qurish istagi bo‘lgan tashabbuskorlar, fermer xo‘jaliklari bilan uchrashuv tashkil qilib, ularning yer maydonlari, kredit va boshqa resurslarga bo‘lgan ehtiyojlari aniqlanmagan.

Tumanda pandemiya sharoitida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan topshiriqlar ijrosiga ham jiddiy e’tibor qaratilmagan. Masalan, joriy yilning aprel-may oylari davomida yo‘l bo‘yidagi bekatlarni xatlovdan o‘tkazib, aqlli bekatlar tashkil etish topshirig‘i ham o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Achinarli holat, bugungi kunga qadar avtomobillarga yoqilg‘i va gaz quyish shoxobchalaridagi sanitariya-gigiyena qoidalarining ahvoli hamon qoniqarsiz holatda. Misol uchun, tumanda mavjud 59 ta avtomobillarga yoqilg‘i va gaz quyish shoxobchalaridan 13 tasining hojatxonalari talabga mutlaqo javob bermaydi. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining bir yil oldin, ya’ni 2019 yil 21 sentyabrdagi qarorida bu borada aniq topshiriqlar belgilab berilgan edi.

Bundan tashqari, viloyat hokimligining 2020 yil 11 maydagi chora-tadbirlar rejasida joriy yilning iyun-iyul oylarida ekoturizmga moslashgan Ohalik, Mironqul mahallalariga olib boruvchi avtomobil yo‘llari holatini yaxshilash, piyodalar o‘tish yo‘laklarini tashkil etish, yo‘l belgilarini o‘rnatish va mazkur qishloqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar stendini o‘rnatish topshirig‘i bo‘yicha ham tegishli choralar ko‘rilmagan.

O‘z navbatida, ushbu hududda aloqa va internet sifatini yaxshilash topshirig‘i ham o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Turizm salohiyati mavjud hududlarni xatlovdan o‘tkazib, aniqlangan yer uchastkalari turizm xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish uchun elektron savdoga qo‘yilishi zarur. Biroq Samarqand tumanida shu kunga qadar turizm xizmatlari tashkil etish bo‘yicha birorta yer maydoni ye-Ijro.auksion elektron savdosiga joylashtirilmagan.

Vaholanki, bu topshiriq Prezidentimizning 2020 yil 28 yanvardagi “Turizm va sport sohalaridagi islohotlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayonida berilgan.

Bundan tashqari, Samarqand tumanida “Shabona” dam olish maskani, “Uchqun”, “Musaffo”, “Sog‘lom avlod”, “Quruvchi” bolalar oromgohlari hamda Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga qarashli 5,8 gektar, Samarqand davlat arxtitektura va qurilish institutiga qarashli 23 gektardan ortiq maydonni egallagan dam olish maskanlaridan samarasiz foydalanilmoqda.

Shu bilan birga, O‘rta Ohalik mahallasi hududida joylashgan, umumiy maydoni 6,3 gektar investitsion majburiyatlar asosida “Ohalik sihatgohi” MChJga berilgan “Ohalik” sihatgohi qarovsiz ahvolga kelib qolgan.

Yig‘ilishda tegishli mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, har oy yakuni bilan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan asoslantiruvchi hujjatlar va fotosuratlari bilan viloyat hokimligiga yozma axborot kiritish belgilangan.