Samarqand viloyat hokimiga murojaat qilgan fuqaroga yangi uy kaliti topshirildi

Samarqand viloyat hokimining Telegramm messenjeriga Sh.Qudratov  murojaat qilgan. Unda keltirilishicha, Samarqand shahridagi “Temp” MChJ bilan turmush o‘rtog‘i Madina Abduholiqova o‘rtasida uy-joy qurilishi bo‘yicha shartnoma imzolangan. Murojaatda ayni kunda mazkur shartnoma shartlari qo‘pol ravishda buzilayotganligi aytilib, huquqlari tiklanishida amaliy ko‘mak so‘ralgan. Ya’ni, qurilish tashkiloti rahbari uy qurib bitkazilganligini va unga isitish tizimini o‘rnatish uchun yangidan to‘lov (32 mln so‘m) qilinishi lozimligi va shundan so‘ng yangi uy kaliti  topshirilishini ta’kidlagan.

Ariza tegishliligi bo‘yicha, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari viloyat hududiy birlashmasi mutasaddilari tomonidan MChJ  mas’ul xodimlari va Sh.Qudratov ishtirokida o‘rganildi. Qurilish tashkiloti noqonuniy talab qo‘yganligi, fuqaroga bunday rusumdagi isitish tizimining hojati yo‘qligi va bu boradagi qonun talablari batafsil tushuntirilgach, arizada ko‘rsatilgan vajlar ijobiy hal etildi va yangi uy kaliti xonadon egasiga topshirildi.

Gulchehra Berdiyorova.