Samarqand viloyati hokimi 103 xizmati bilan tanishdi, faoliyat rahbarni qoniqtirmadi
Erkinjon Turdimov ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan savollarga javob qaytarish maqsadida o‘tkazgan brifingda qayd etishicha, 18 iyul kuni viloyatda shoshilinch tibbiy yordam dispetcherlik xizmati faoliyati bilan tanishgan.
– Ahvol meni umuman qoniqtirmadi, – dedi E.Turdimov. – Dispetcherlik punktida 3-5 nafar xodim ishlayotgan ekan. Ular bugungi sharoitda aholining qo‘ng‘iroqlariga javob berib ulgurmaydi. Shuning uchun kechaning o‘zida bu yerda faoliyatni qayta ko‘rib chiqdik. 24 nafar xodim qo‘ydik, zarur texnik jihozlar bilan ta’minladik. Endi qo‘ng‘iroqlar raqamli bo‘ladi. Har bir murojaat avtomatik tarzda kompyuter xotirasida saqlanadi.
Bundan tashqari, Samarqand tibbiyot institutidagi call-center faoliyati ham qayta ko‘rib chiqildi. Endi fuqarolar bu yerdagi 1105 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, mutaxassislardan zarur tavsiya va maslahatlar olishi mumkin.
Viloyat hokimining qayd etishicha, shu paytgacha shoshilinch tibbiy xizmat tasarrufida 280 ta maxsus jihozlangan avtomashina mavjud bo‘lgan. Karantin boshlanganidan buyon esa 40 ta “Damas”, 10 ta “UAZ” tez yordam mashinasi xarid qilingan. Kuni kecha 103 xizmati avtoparkiga 29 ta “Damas” avtomashinasi berilgan bo‘lsa, kelgusi haftada yana 10 ta shunday transport vositasi keltiriladi.