Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov «Dinamo» jamoasi bilan uchrashdi
Kecha, 12 sentyabr kuni “Dinamo” futbol klubi qarorgohida Samarqand viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Erkinjon Turdimov klub homiylari, rahbariyati va “Dinamo” jamoasi bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Xabaringiz bor, mavsumning dastlabki qismini yaxshi o‘tkazgan “Dinamo” jamoasi ikkinchi davrani muvaffaqiyatsiz boshladi. Ketma-ket mag‘lubiyatlar nafaqat muxlislarni, balki klub rahbariyatini ham ranjitdi.
- “Dinamo” jamoasining Superliga ikkinchi davrasida qayd etayotgan natijasi va bugungi vaziyatini yaxshi deb bo‘lmaydi. Buni men kabi siz futbolchilar va murabbiylar ham yaxshi tushunib turibsiz. Bugun siz bilan uchrashuvdan maqsad kimnidir xafa qilish yoki aybdorga chiqarish emas, so‘nggi mag‘lubiyatlarni tahlil qilish, ochiq suhbat shaklida gaplashib olib, vaziyatni o‘nglash uchun muammolarni tinglash, qo‘ldan kelgancha yordam berish, sizlarni qo‘llab-quvvatlashdir, – dedi hokim. - Hech kimga sir emas, aksariyat shahar va viloyat klublarida bor bo‘lgan yirik homiy tashkiloti bizda yo‘q. Ammo Samarqandda futbolning fidoyi jonkuyarlari bor. Shu bois “Dinamo”ni xalq jamoasi, deyish mumkin. So‘nggi mag‘lubiyatlar tufayli homiylarning ko‘ngli biroz sovugandir. Lekin hozir shunday muhim pallaki, jamoadagi vaziyatni yaxshilashimiz shart. Tez kunlarda “Dinamo” klubi oldidagi moliyaviy holatni bartaraf etamiz va bu borada hech qanday muammo bo‘lmaydi.
Ketma-ket muvaffaqiyatsizliklardan keyin jamoa bosh murabbiyi Davron Fayziyev kechirilmas mag‘lubiyatlar bo‘lganligini aytib, iste’foga chiqishga ruxsat so‘radi. Ammo biz buni rad etdik, murabbiylarga, futbolchilarga ishonch bildirishda davom etishimizni bildirdik. Hech kim bilan xayrlashmoqchi emasmiz. Sababi, mavsum boshidagi qiyin pallada aynan Davron Fayziyev qo‘l ostidagi siz, futbolchilar bilan birinchi davrani muvaffaqiyatli o‘tkazgandik.
Muxlislarning fikridan ham xabarim bor. Futbolda omadsizliklar tufayli mag‘lubiyatli davr ham bo‘ladi, tushunamiz. Barchasi o‘z qo‘limizda, ortga yo‘l yo‘q. Endi so‘nggi o‘yinlardagi omadsizliklarni butkul unutib, yaxshi va ishchan kayfiyatda tayyorgarlik ko‘rishimiz, minglab muxlislarni xursand etish uchun bor kuch va imkoniyatni sarflashimiz kerak. Ishonamanki, jamoa chempionatdagi hozirgi qiyin vaziyatdan chiqadi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi “Dinamo” bosh murabbiyi Davron Fayziyev, klub bosh menejeri Ilhom Sharipov hamda futbolchilarning fikri bilan ham qiziqdi. Uchrashuv yakunida jamoani ruhan qo‘llab-quvvatlab, keyingi o‘yinlarda omad tiladi.
“Dinamo” klubi matbuot xizmati.