Samarqand viloyati hokimi tashabbusi bilan Mustahkamga uy ajratish belgilandi

Samarqand viloyatida tahdid va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarni himoya qilish, tazyiqqa duch kelgan ayollarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha olib borilgan ishlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing tashkil etildi.

Brifingda viloyat ichki ishlar, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari vakillari so‘zga chiqib, bugun viloyatda mazkur masalada olib borilayotgan ishlar bo‘yicha axborot berildi. Brifing avvalida ichki ishlar vazirligi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Umida Abdullayeva xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoyalash bo‘yicha respublika miqyosida olib borilayotgan ishlar, himoya orderi berilgan ayollarga ko‘rsatilayotgan yordam hamda ayolga nisbatan kuch ishlatgan shaxslarga qo‘llanilayotgan choralar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng viloyatdagi tegishli boshqarma vakillari Samarqandda bu borada olib borilayotgan ishlar, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan Mustahkam va unga ko‘rsatilayotgan yordam bo‘yicha ma’lumot berishdi.

- Ushbu voqea ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgach, viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan vaziyat nazoratga olinib, darhol ayolning shaxsi aniqlanib, topildi, aybdorga tegishli tartibdi chora ko‘rildi, - deydi viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Jumayeva. – Jabrdiyda viloyatda zo‘ravonlikdan jabr chekkan xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan markazga farzandlari bilan joylashtirilib, unga tegishli tartibda yordam choralari ko‘rilmoqda. Unga tibbiyot xodimlari, ruhshunos yordami ko‘rsatildi. Hozirda ayolning sog‘ligi, ruhiy holati ancha barqaror holatga kelib qolgan. Yaqinda viloyat hokimi tashabbusi bilan Mustahkamga uy berish chorasi ko‘rilmoqda.

Tadbir davomida boshqa mutasaddi idoralar vakillarining to‘liq fikrlari bilan saytimizda beriladigan videolavhalar orqali tanishishingiz mumkin.