Samarqand viloyati IIB qimor o‘yinlarini tashkil qilmaslik bo‘yicha ogohlantirdi
Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi fuqarolarimizni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil qilmaslik va ularda ishtirok etmaslik bo‘yicha ogohlantirdi.
O‘zbek xalq milliy o‘yinlari o‘zining uzoq o‘tmishi, boy tarixiga ega, ajdodlardan avlodlarga meros sifatida o‘tib kelayotgan, ma’naviy boyliklarimizdan hisoblanadi.
Qadim zamonlarda yoshi, turmush tarzi va e’tiqodidan qat’iy nazar ishtirokchilar o‘rtasida otda yurish, otda chopish va poyga, tosh ko‘tarish musobaqalari, kamondan o‘q uzish kabi kuch talab qilinadigan o‘yinlar tashkil qilingan. Shuningdek, xalq orasida ko‘pkari, kurash va boshqa turdagi milliy musobaqalar o‘tkazish keng tarqalgan.
Afsuski, fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlar orasida pul tikib, turli parranda va hayvonlarni urishtirib qimor o‘ynash holatlari kuzatilmoqda.
"Milliy xalq o‘yinlari" niqobi ostida o‘rtaga pul tikib, parranda va hayvonlarni urishtiruvchi fuqarolarning borligi achinarli, albatta.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, shuningdek, hayvonlarni qiynash, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi, huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Bundan tashqari, mazkur Kodeksning 191-moddasiga ko‘ra, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish, ana shu o‘yinlar buyumlarini, shuningdek, o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘lishi, xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish yoxud voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda ishtirok etishga jalb qilish, o‘yinlar buyumlarini, shuningdek, o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish, noqonuniy qimor o‘yinlarini tashkil etishga hamda ularga o‘smirlar va yoshlarni jalb etishga ko‘maklashuvchi shart-sharoitlarga barham berish, qimor biznesining rivojlanishi salbiy oqibatlarining oldini olish, noqonuniy qimor o‘yinlari tashkilotchilari va qatnashchilarining javobgarligini kuchaytirish masalalari bugungi kunda dolzarb masala hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 28 martdagi «Qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 16 avgustdagi «Qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlarida qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatlarga chek qo‘yish hamda javobgarlikni kuchaytirish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasiga asosan qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish, jumladan, ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan;
b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilgan bo‘lsa, yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi, voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga jalb qilish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilab berilgan.
Bu kabi jinoyat va huquqbuzarliklarga chek qo‘yish ichki ishlar organlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.