Samarqand viloyati prokuraturasi faoliyati Respublikada ommalashtirildi

Viloyat hamda shahar, tuman prokuraturalari tomonidan turli soha va yo‘nalishlarning chuqur tahlili natijasida 5 ta yo‘nalishdagi faoliyat Bosh prokuratura tomonidan ijobiy deb topilib, Respublika bo‘yicha ommalashtirildi.

Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda prokuror nazoratini ta’minlash borasida yordamga muhtoj 3.320 nafar fuqarolarning muammolari hal etildi, 200 nafar fuqaroning 600 mln. so‘mdan ortiq ish haqi, pensiya va nafaqa pullari undirib berildi. O‘zlashtirish, talon-toroj qilish va suiiste’molchiliklar oqibati yetkazilgan 1 mlrd. so‘m zarar aybdorlardan undirildi.

Shuningdek, hokimliklar bilan hamkorlikda og‘ir turmush sharoitida yashayotgan 1 702 nafar xotin-qizlarga tibbiy, 711 nafariga 2 097 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi. 5 ming 446 nafarining bandligi ta’minlanib, 1 282 nafari uy-joy bilan ta’minlandi.

Ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarning 233 tasi yarashtirildi, sha’riy nikoh asosida yashayotgan 320 ta oilalarning nikohi rasmiylashtirildi. Sudlarda nikohdan ajralish bilan bog‘liq ko‘rilgan ajrimlar 45 taga, oilaviy janjallar oqibatida sodir etilgan huquqbuzarliklar esa 239 taga kamayishiga erishildi.

Shu bilan birga, ishsiz ayollar soni 28 mingdan oshib, ularning aksariyat qismi Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Bulung‘ur, Urgut tumanlari hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Ishsizlikni qisqartirish maqsadida prokurorlarning tashabbusi bilan 22 ta mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, 252 nafar ayol ish bilan ta’minlandi, 1.152 nafariga huquqiy maslahatlar berildi. 

Bu borada olib borilgan tadbirlar davomida 400 dan ortiq nazorat hujjatlari qo‘llanilib, 283 nafar fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi va qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 8 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Uchrashuv, qabul va nazorat tadbirlari davomida 605 nafar tadbirkorlarning turli muammolari bartaraf etildi. 432 ta yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil qilindi. Faoliyati to‘xtab qolgan 220 ta korxona tiklandi, ularda 1.117 ta qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratildi, 10,3 mln. dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb etilishida amaliy yordam ko‘rsatildi, 60 ta tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi.

Shu davrda prokurorlar tashabbusi bilan 94 ta yangi eksportyor korxonalar tashkil etildi, 101 ta eksportyorning litsenziya, kredit, yer va bino olish hamda boshqa masalalarga doir muammolari hal etilib, 45 tasining 25.3 mln. dollarlik qarzdorligini undirishda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Tadbirkorlar huquqlarini poymol etgan 19 nafar mansabdor shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi, 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Albatta, qonunbuzarliklar uchun chora qo‘llash lozim. Shu bilan birga, ularning tub sabab va shart-sharoitlarini aniqlab, bartaraf etish ham muhim ahamiyatga ega. Biroq, muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, qonunbuzilishlarni barvaqt oldini olish, profilaktika qilish esa eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lishi kerak.

Shu nuqtai nazardan, viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan turli soha va yo‘nalishlar mutaxassislar jalb etilgan holda chuqur tahlil qilinib, o‘rganishlarimiz natijasida qonunchilikni, respublika darajasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga, undagi bo‘shliqliklarni, muammoli masalalarni hal etishga doir, ahamiyat bering, 563 ta takliflar ishlab chiqilib, uning aksariyati Bosh prokuratura tomonidan ma’qullandi va ushbu faoliyatimiz ham respublika bo‘yicha ijobiy ish tajribasi sifatida ommalashtirildi.

Aytilayotgan, bundan keyingi raqamlar va misollar oddiy raqam sifatida o‘tib ketishi mumkindir, lekin uning har biri ortida, har bir yo‘nalishda qanchadan-qancha hodimlarimizning, jalb etilgan mutaxassislarning mehnati yotganligini hammamiz yaxshi tushunsak kerak.

Yoshlar va voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlash masalasi ham alohida e’tiborda bo‘ldi.

Birgina misol. Viloyat prokuraturasi tomonidan yil boshida viloyatdagi 1.668 nafar nogironligi bo‘lgan, uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan bolalarning sog‘lig‘i, ta’lim olishlari va ular tarbiyalanayotgan oilalarning ijtimoiy holati o‘rganilib, 653 nafar bolalarning turli masalalardagi muammolari hal qilindi. 231 nafariga nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi, hassa, dori-darmonlar olib berildi, 31 ta oilaga moddiy yordam tayinlandi.

Xuddi shuningdek, manzilli Dastur ishlab chiqilib, 5 ta tashabbus ijrosi bo‘yicha mehribonlik uylarida “Umid” va “Lochin” futbol jamoalari, “Shashka”, “Shaxmat”, “Yosh kitobxon” hamda “Binafsha” kabi bir qator to‘garaklar tashkil etilgan holda o‘qituvchi va murabbiylar biriktirildi.

Dastur doirasida Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi chet tillari, aniq, tabiiy va ijtimoiy-gumanitar fanlarga ixtisoslashgan “Fast education” va “Ta’lim ko‘prigi” kabi nodavlat ta’lim muassasalari bilan mehribonlik uylari o‘rtasida o‘zaro memorandum tuzilib, viloyatning eng kuchli va yuqori malakali o‘qituvchilari tomonidan mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini o‘quv kurslarida bepul o‘qitish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Umuman mazkur yo‘nalishda 1.117 ta prokuror nazorat hujjatlari qo‘llanilib, 626 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi, 318 mln. so‘m zarar ixtiyoriy undirildi, qo‘pol qonunbuzish holatlari bo‘yicha 8 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va 80 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi.

Muxiddin BAXRITDINOV,

viloyat prokurorining o‘rinbosari.