Samarqandda prokuratura organlari tomonidan 107 milliard so‘mlik zarar undirilib, byudjetga tushishi ta’minlandi

Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan 2019 yilda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Faoliyatni tashkil etishda asosiy e’tibor qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qarorlari, shuningdek, uchrashuvlar va hududlarga amalga oshirgan tashriflarida belgilab berilgan vazifalari, Bosh prokurorning topshiriqlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash, tizimli kamchiliklar hamda aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etishga qaratildi.

Ayniqsa, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda aholi farovonligini yaxshilashga qaratilgan qonunlar va Prezident qarorlari ijrosini ta’minlash borasida qo‘rilgan choralar, shuningdek, davlat organlari huquqiy hujjatlarining doimiy ravishda o‘rganilishi natijasida 9 mingga yaqin prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi, 3,5 ming nafar fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi.

Prokurorlarning qarori va taqdimnomasi asosida 6,8 ming nafar shaxslar intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi. Noqonuniy qarorlarga 2,1 mingta protest keltirildi hamda sudlarga 17 milliard so‘mlik 1,2 mingta da’vo arizalari kiritildi.

O‘tkazilgan tekshiruv va jinoyatlarni tergov qilish jarayonida 107 milliard so‘mlik zararlarning undirilishi va mahalliy byudjetga tushishi ta’minlandi. Qo‘pol qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 356 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmati.