Samarqandda prokuraturaning 4 nafar xodimlari tergov faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa lavozimlarga o‘tkazildi
Samarqand viloyati prokuraturasi yosh mutaxassislar bilan ishlash, tarbiyalash hamda tergov faoliyatida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga ko‘rilgan choralar xususida bayonot.
Viloyat prokuraturasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida Samarqand shahri, Payariq, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlari prokuraturasida tergovga qadar tekshiruv hamda tergov sifatiga yetarli darajada e’tibor berilmayotganligi yig‘ilishlarda bir necha marotaba tanqidiy muhokama qilinib, tegishli xodimlar shaxsan ogohlantirilgan bo‘lsa-da, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmagan.
Ko‘rsatilgan ushbu hududlarda dastlabki tergov bosqichida ish holatlarini chuqur tahlil qilish, asoslantirilgan tergov taxminlarini ishlab chiqish, ularni tekshirish bo‘yicha barcha kuch va imkoniyatlardan to‘g‘ri hamda unumli foydalanish, voqea joyini ko‘zdan kechirish, jinoyat sodir etilgan joydan ashyoviy dalillarni protsessual qoidalar asosida olish, ekspertizalar tayinlash, dalillarni yig‘ish va baho berish jarayonlarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan choralar ko‘rilmasdan qolgan.
Viloyat prokuraturasining navbatdan tashqari attestatsiya komissiyasi muhokamasida ushbu tuman va shahar prokuraturalari xodimlarining bilim-saviya va kasb malakasini sinovdan o‘tkazish natijalari bu borada jiddiy muammolar mavjudligini yaqqol ko‘rsatdi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, 4 nafar xodimlar tergov faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa lavozimlarga o‘tkazildi.