Samarqand viloyatida 6 oy mobaynida davlat raqam belgisini o‘zboshimchalik bilan yechib olgan 124 nafar haydovchilar aniqlandi
Hozirgi kunda Samarqand viloyati hududidan o‘tgan halqaro, davlat ahamiyatidagi yo‘llarda sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari tahlilidan kelib chiqqan holda “avariya o‘chog‘i” sifatida tanlab olingan manzillarda yo‘l-harakati xavfsizligini ta’minlash, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida “Tezlik”, “Quvib o‘tish” va boshqa profilaktik turdagi maqsadli tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Ushbu tadbirlar natijasida yo‘l-transport hodisalarining
2019 yilning 6 oyida 27,5 foizga, ularda halok bo‘lganlar 4,4 foizga, jarohatlanganlar soni esa 29,7 foizga bolalar ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisalari 21,4 foizga kamayishiga erishildi. Bu haqda Zarnews.uz saytiga Samarqand viloyati IIB YHXB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Lekin, shunday fuqarolarimiz borki davlatimiz qonunlariga nisbatan hurmatsizlik qilib, belgilangan qoidalarga amal qilmasdan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘llarga o‘rnatilgan tezlik o‘lchash asboblari ta’siriga tushmaslik maqsadida o‘zlariga tegishli bo‘lgan transport vositalarini boshqarishda o‘zboshimchalik bilan davlat raqam belgilarini yechib olishlari yoki boshqa transport vositalariga tegishli bo‘lgan davlat raqam belgilarini taqqan holda yoxud davlat raqam belgisiga turli xil ko‘rinishdagi to‘suvchi vositalarni o‘rnatgan holda harakatlanishlari kuzatilmoqda.
Ushbu holatlar DYHXX xodimlarining nazaridan qolgani yo‘q albatta.
Viloyat hududidan o‘tuvchi halqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llariga o‘rnatilgan onlayn tizimida ishlovchi 19 ta tezlikni o‘lchash uskunalari yordamida 60 mingdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlanib, shundan 9 milliard 751 million so‘m jarimalar undirilgan.
Samarqand viloyati hududida 2019 yilning o‘tgan 6 oy mobaynida davlat raqam belgisini o‘zboshimchalik bilan yechib olgan 124 nafar haydovchilar aniqlangan va DYHXX inspektorlari tomonidan ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan.
Bundan tashqari davlat raqam belgisini o‘zgartirgan yoki boshqa transport vositalariga tegishli bo‘lgan davlat raqamini taqib olib harakatlangan 14 nafar haydovchilarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi tashkillashtirilgan.
Misol uchun, 2019 yil 13 iyul kuni soat taxminan 14:45 larda viloyat hududidan o‘tuvchi M-37 avtomobil yo‘lining 14 km.da “Buxoro-Samarqand” yo‘nalishi bo‘ylab davlat raqam belgisisiz yuqori tezlikda harakatlanib kelayotgan “Kaptiva” rusumli kul rangli transport vositasi haydovchisi yo‘l-patrul xizmati inspektorining to‘xtash to‘g‘risida bergan ishorasiga qaramasdan harakatlanib ketganligi sababli ko‘rilgan choralar natijasida transport vositasi to‘xtatilgan va olib borilgan surishtiruv jarayonida haydovchi Toyloq tumani “Sochaki poyon” mahallasida istiqomat qiluvchi, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro D.D. ekanligi va ushbu haydovchi tezlikni o‘lchash asbobi ta’siriga tushmaslik maqsadida davlat raqam belgisini o‘zboshimchalik bilan yechib olib harakatlanganligi aniqlanib, tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtinchalik saqlash jarima maydonchasiga joylashtirilgan.