Samarqand viloyatida bog‘cha yoshidagi bolalarning 64 foizi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olindi

Aholining yildan yilga o‘sishi joylarda bolalar bog‘chalarining yetishmasligiga sabab bo‘ldi. Keyingi yillarda maktabgacha ta’limga qamrovni oshirish borasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmi joriy etilib, viloyatda quvvati 12 940 o‘rinli umumiy loyiha qiymati 319,9 mlrd. so‘mlik jami 138 ta bitim imzolandi.
Bugun viloyatda 337 121 nafar bog‘cha yoshidagi bola bo‘lib, ularning 215 643 nafari, ya’ni 64 foizi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olindi. Ayni paytda viloyatda 2 487 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Shundan 696 tasi davlat, 1790 tasi nodavlat va 1 ta tashkilotga qarashli MTTlari mavjud. Jurnalist va blogerlar uchun uyushtirilgan press-turda viloyatdagi ayrim davlat va nodavlat MTTlar faoliyati tanishtirildi.
Ilk manzil Samarqand tumani Yangiobod mahallasidagi yakka tartibdagi tadbirkor Ravshan Ibragimov tomonidan ochilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. “Zvyozdochka” nomli ushbu oilaviy bog‘chada 25 nafar bola tarbiyalanmoqda. Bog‘chadagi mashg‘ulotlar rus tilida olib boriladi. Bu yerda bolajonlar uchun yozgi basseyn, shaxmat, shashka, ingliz tili va musiqa to‘garaklari mavjud. Tadbirkorning aytishiga qaraganda, yil oxirigacha bolalar qamrovi 50 nafarga yetkaziladi.
Keyingi manzil Oqdaryo tumanidagi “Millat xazinasi” nomli davlat xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Ushbu bog‘cha Po‘latdarxon mahallasida joylashgan bo‘lib, 250 o‘ringa mo‘ljallangan.
- Bugun bog‘chamizda 218 nafar bola tarbiyalanmoqda, - dedi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Dilfuza Ma’rupova. – Bog‘chada rus va ingliz tilida mashg‘ulotlar olib boriladi. O‘g‘il bolalar uchun boks, qiz bolalar uchun gimnastika to‘garaklari mavjud.
60 sotix yerda joylashgan bolalar bog‘chasi zamonaviy jihozlangan bo‘lib, bolajonlarning sog‘lom ulg‘ayishiga yetarlicha sharoitlar yaratilgan.
Press-tur davomida jurnalist va blogerlar Samarqand shahridagi 27-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham bo‘ldi. Bog‘chada gullar bayrami tadbiri nishonlanayotgan ekan.
- Bog‘chamizda bolajonlar uchun radiostudiya tashkil qilganmiz, - dedi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Mohigul Karimova. – Bu nafaqat bolalarga, balki ota-onalarga ham yoqadi. Har kuni ota-onalar bugun mening farzandim radioda gapirsin, deb iltimos qilishadi. Hatto ba’zi ota-onalar ketmay radioni eshitib o‘tirishadi. Bog‘cha radiosi bolalarning nutqini o‘stirishga yordam bermoqda, shuningdek, ular radioda chiqishni istab she’rlar yodlashyapti.
Bog‘cha 2016 yilda ochilgan bo‘lib, qamrovi 260 o‘rinli bo‘lsa-da, bugun bu yerda 300 nafar bola tarbiyalanmoqda.
Samarqand shahridagi 48-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti joriy yilning aprel oyida ochilgan. Yangi ta’mirdan chiqqan binoda bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zni quvontiradi. 178 nafar bola tarbiyalanayotgan bog‘chada taekvondo, gimnastika, ingliz tili, matematika, xoreografiya to‘garaklari bor. Shuningdek, bu yerda audiokutubxona mavjud bo‘lib, bolajonlarga turli ertak va hikoyalar eshittiriladi.
Bugungi kunda viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 12 455 nafar pedagog kadrlar faoliyat yuritmoqda. Ularning 34,7 foizi oliy, 65,3 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega. 2021 yil oxirigacha oliy ma’lumotli pedagog kadrlar ulushi 42,2 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Xurshida Ernazarova,
Zamira Boltayeva.