Samarqand viloyatining qaysi hududlarida nechta “Zamonaviy maktab”lar tashkil etiladi?
Umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi mavjud holatni yaxshilash, ularning faoliyatidagi tizimli muammolar va kamchiliklarni tezkor bartaraf etish mexanizmlarini yaratish, qishloq va shahar maktablarining moddiy-texnik ta’minoti va ta’lim berish sifatidagi tafovutni qisqartirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlarni yanada kengaytirish maqsadida joriy yilning 26 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, yangi turdagi umumta’lim muassasalarini barpo etish va muqaddam qurilgan binolarni bosqichma-bosqich zamon talablariga moslashtirish, o‘quv-tarbiya jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash borasida bir qator aniq vazifalar belgilab olindi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi 2020 yil martga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xorijiy tajriba hamda mamlakatning tabiiy iqlim sharoitlariga mos “Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalarini ishlab chiqadi. Umumta’lim muassasalarini zamonaviy mebel va jihozlar, o‘quv laboratoriya asbob-uskunalari, o‘quv-uslubiy materiallar, kompyuter va multmedia hamda video-kuzatuv vositalari bilan jihozlanishiga alohida e’tibor qaratilib, yangi me’yorlar qo‘llaniladi.
“Zamonaviy maktab”larning darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar, badiiy va boshqa adabiyotlar bilan ta’minlanganligiga, o‘quv-tarbiya jarayoni, o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishiga hamda darsdan tashqari faoliyatiga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, rahbar va pedagog-xodimlarga qo‘yiladigan talablar ham ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” davlat unitar korxonasi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini “Zamonaviy maktablar”ga qo‘yilgan talablar asosida baholash bo‘yicha mas’ul tashkilot hisoblanadi. Bunday baholash orqali ularga muvofiqlik sertifikatini berish, baholash jarayoniga tegishli davlat organlari va tashkilotlari, yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb etish, zamonaviy va shaffof baholash uslublarini joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ommalashtirish “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” DUKning qo‘shimcha vazifalaridir.
Qarorga muvofiq, 2020-2022 yillarda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini “Zamonaviy maktab” talablari asosida yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning asosiy parametrlari tasdiqlandi.
Xususan, 2020 yilda Samarqand viloyatidagi 16 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida rekonstruksiya, 5 tasida mukammal ta’mirlash, 2021 yilda 31 ta, 2022 yilda esa 30 ta, jami 82 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida rekonstruksiya hamda mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilandi.
Tuman va shaharlar kesimida olib qaraganimizda 2020-2021 yillarda Samarqand va Jomboy tumanlarida 1 tadan, Toyloq, Ishtixon va Narpay tumanlarida 2 tadan, Nurobod va Paxtachi tumanlarida 4 tadan, Urgut va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 6 tadan maktablar, shuningdek, Qo‘shrabot tumanidagi 3 ta, Samarqand shahridagi 8 ta, Payariq tumanidagi 9 ta, Past Darg‘om tumanidagi 12 ta hamda Oqdaryo tumanidagi 16 ta maktablarda rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qarorda nazarda tutilmagan umumiy o‘rta ta’lim maktablarini “Zamonaviy maktab” talablari asosida kompleks rivojlantirishni amaliyotga tatbiq etish uchun xalqaro moliya institutlarining kredit va grantlari jalb etiladi.
Abduhoshim ZIYoDOV,
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari.