“Samarqand” xalqaro aeroportida 132 million so‘mdan ziyod dori vositalari to‘xtatib qolindi

Bojxona chegaralari orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan olib kirish hamda olib chiqishning o‘z tartib va me’yorlari mavjudligiga qaramasdan ba’zi fuqarolar tomonidan mo‘may daromad orttirish maqsadida huquqbuzarlik holatlari sodir etilmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, “Samarqand” xalqaro aeroportiga xorijdan uchib kelgan fuqaro A.S. “yashil” yo‘lak orqali harakatlanar ekan, uning xatti-harakatlari bojxonachilar e’tiborini tortdi.

Natijada belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan ushbu shaxs yuklari orasida bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan umumiy qiymati 132 million so‘mdan ortiq bo‘lgan in’yeksiyalar uchun eritmalar ko‘rinishidagi 100 dona “Dysport 500U” nomli dori vositalari borligi aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib,  tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 8 iyundagi “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 191-sonli Qaroriga muvofiq jismoniy shaxslar in’yeksiyalar uchun eritmalarni 10 ampuladan yoki 10 flakondan ortiq bo‘lmagan miqdorda olib kirish yoki olib chiqishlari mumkinligi belgilab qo‘yilgan.