“Samarqand” xalqaro aeroportida noqonuniy olib kelinayotgan tibbiy uskunalar to‘xtatib qolindi

“Samarqand” xalqaro aeroportiga “Vnukova-Samarqand” yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi B.X. “qizil” yo‘lak orqali bojxona nazoratidan o‘tayotganida bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va tegishli ruxsatnomasiz umumiy bahosi 18 million so‘mga yaqin “Arthropierce 45 Right”, “Twinfix Ultra”, “Awl-Dilator” nomli bir nechta tibbiyot sohasida ishlatiladigan uskunalar va dori vositalarini yashirib o‘tayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan holat yuzasidan bojxona xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirildi, deb xabar bermoqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.

Sud fuqaro B.X.ni oilaviy sharoitini hamda muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilmaganligini inobatga olib, unga nisbatan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi.

Shuningdek, huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan tibbiyot sohasida ishlatiladigan uskunalar va dori vositalari tegishli tartibda yo‘q qilindi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, joriy yil boshidan buyon viloyat bojxonachilari tomonidan umumiy qiymati 822 million so‘mdan ziyod 11 385 dona tibbiy amaliyotda foydalanishga yaroqsiz deb topilgan tibbiyot buyumlari hamda noqonuniy dori vositalarining olib kirilishi oldi olindi.