Samarqand xalqaro terminali - Markaziy Osiyoda yagona bo‘ladi

Viloyat qurilish bosh boshqarmasi tomonidan Samarqand shahrida «ENTER Engineering Pte Ltd» kompaniyasi tomonidan bunyod etilayotgan yirik qurilishlar bo‘ylab jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab Samarqand xalqaro aeroportidagi qurilish jarayonlari bilan tanishdilar. Yil yakunigacha foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan mazkur inshoot «Air Marakand» kompaniyasi buyurtmasi asosida qurilayotgan Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan zamonaviy xalqaro terminal hisoblanadi. Bir yilda 2 million yo‘lovchiga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan aeroportda qurilish ishlari avjida.

- Dunyoning 1500 ga yaqin, mamlakatimizdagi 400 ga yaqin firma va kompaniyalar ishlab chiqargan mahsulotlardan foydalanib barpo etilayotgan yangi terminalimizda Singapur, Germaniya, Turkiya, Rossiya kabi davlatlardan kelgan tajribali quruvchi-mutaxassislar mehnat qilmoqda, - deydi qurilish kompaniyasi mutasaddisi Rustam Haydarov. – Zamonaviy aeroport ishga tushsa, bir vaqtning o‘zida 4 ta, bir kunda 50 ga yaqin reyslarga xizmat ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Xalqaro aeroportda bir vaqtning o‘zida 1200 yo‘lovchiga 20 ta ro‘yxatdan o‘tkazish nuqtasi xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, 700 ta avtomashinaga mo‘ljallangan turargoh, yo‘lovchilarning kutish va kuzatish hududi, zamonaviy tamaddixonalar, yuk saqlash, dam olish xonalarini qurish ham ko‘zda tutilgan.

Press-tur ishtirokchilari Samarqand eshkak eshish kanali hududida joylashgan turizm markazida ham bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lishdi.

- Ikki yuz gektar maydonda qurilayotgan markazda 8 ta ko‘p yulduzli mehmonxona, nufuzli anjumanlar o‘tkazishga mo‘ljallangan Kongress-xoll zali barpo etilmoqda, - deydi turizm markazi direktori O‘ktam Latipov. – Shuningdek, «Abadiy shahar» majmuasi, 10 ga yaqin ekokottejlar, oilaviy dam olish maskanlari, sport musobaqalari o‘tkaziladigan maydonlar qurilmoqda.

Yurtimizdan tashqari, Rossiya, Serbiya, Italiya, Turkiya kabi davlatlardan kelgan 7 mingdan ziyod ishchi, quruvchi–muhandislar mehnat qilayotgan yirik ob’yektda Italiyadan keltirilgan 40 turdan ortiq 2600 tup turli manzarali daraxt ko‘chatlari mahalliy muhitga moslashtirilmoqda.

- Turizm markazini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida Cho‘ponotadagi 60 gektarlik maydonda quyosh batareyalari o‘rnatish ko‘zda tutilgan, - deydi loyiha rahbari Mo‘min Qodirov. – 2500 metr yer ostidan toza ichimlik suvi olish uchun suv inshootlari o‘rnatildi. Ikki kilometr uzunlikdagi eshkak eshish kanalining suvi quritilib, tubi chiqindilardan tozalandi. Tez kunlarda xorijdan yana 10 ming to‘pdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari keltiriladi.

«Abadiy shahar» majmuasi - yurtimizda mavjud bo‘lgan 30 ga yaqin qadimiy obidalarning nusxalarini o‘zida jamlagan. Majmuaga kirish qismiga Tillokori madrasasining kichik nusxasi zeb berib turadi. Qadimgi Samarqand qog‘ozi ishlab chiqaruvchilar, milliy hunarmandchilik buyumlari ustalari va rassomlar uchun maxsus ustaxonalar quriladi. Yopiq bozorga kelgan mehmonlar esa qandolatpazlar, pishiriq tayyorlovchilar, choyxona va milliy taomlar oshxonalaridan bahramand bo‘lishadi.

Press-tur ishtirokchilarining kelgusi yilning mart oyidan mehmonlarni kutib olishni boshlaydigan Samarqand turizm markazi qurilishiga oid savollariga o‘zbekistonlik va xorijlik mutaxassislardan javob olindi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.

F.RO‘ZIBOYeV (foto).