Samarqandda 103 ta importyor korxona 23 milliard so‘m manfiy hisobot taqdim etdi

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga yetkazishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i J.Abdiyev, Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ahmedovlar soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritib, mazkur farmon mamlakatimiz investitsiyaviy muhitini yanada yaxshilash, adolatli raqobat tamoyillarini joriy etish, soliqlar va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish amaliyotini tartibga solishda muhim dasturilamal hujjat bo‘lganini ta’kidladi. Seminarda farmon mazmun-mohiyati, o‘zgarish va yangiliklar ko‘rgazmali slaydlar yordamida ishtirokchilarga tushuntirildi.

– Mazkur farmonga muvofiq bir qator o‘zgarishlar amaliyotga tatbiq etilishini ta’kidlash lozim, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Jahongir Abdiyev. – Jumladan, joriy yilning 1 oktyabridan boshlab tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qat’i nazar, benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz yoqilg‘i quyish stansiyalari orqali oxirgi iste’molchilariga sotadigan yuridik shaxslar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadi. Shu yilning 1 oktyabridan boshlab tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub’yektlari tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qat’i nazar, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadi. Tovarlarni birinchi marta import qiluvchi xo‘jalik sub’yektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida hisobga turishi shart. Barcha importyor xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni bir xilda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashga o‘tkazilishi savdo va ishlab chiqarish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi sub’yektlarga bir xil soliq rejimida bo‘lishini ta’minlaydi. Bu esa ularning o‘zaro narxlari birxillashiga olib kelishiga zamin yaratadi. Ta’kidlash joizki, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i keyinchalik ichki bozorda realizatsiya qilingan tovarlar bo‘yicha byudjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan QQS summasini aniqlashda hisobga olinishi soliqlarni faqatgina yangi qo‘shilgan qiymatdan to‘lanishini ta’minlaydi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining aylanma mablag‘lari tejalishiga sabab bo‘ladi va tovarlar narxini barqarorlashtiradi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basining ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda viloyatda benzin, dizel yoqilg‘isi quyish bilan shug‘ullanuvchi 234 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 122 tasi (52,1 foizi) qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilardir. Ushbu mahsulotlarga narxlar bir xil o‘rnatilganiga qaramasdan, soha korxonalari uchun teng raqobat muhiti yaratilmay qolinayotganini ta’kidlash joiz. Bugungi kunda viloyatda 341 ta gaz yoqilg‘i quyish stansiyasi iste’molchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ulardan 202 tasi (59,2 foizi) qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Iste’molchilarga gaz quyish shoxobchalari orqali realizatsiya qilinadigan gazning sotuv narxi erkin narx asosida shakllanadi. Bu esa o‘z-o‘zidan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lmagan korxonalarning daromadlari oshishiga olib keladi va erkin raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

 2019 yilning may oyi yakuni bo‘yicha viloyatda 103 ta importyor korxona 23,0 milliard so‘m manfiy hisobot taqdim etan. Ushbu korxonalar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida byudjetga to‘langan 23 millard so‘m QQSning realizatsiya qilingan tovarlar bo‘yicha hisoblangan QQS summasidan ortiq bo‘lganligi bois byudjetga to‘lash uchun soliq hisoblanmasdan, aksincha kamaytirishga hisoblangan.

Seminarda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarilib, joriy etiladigan o‘zgarish va yangiliklar xususida batafsil tushuntirish berildi.