Samarqanddagi importyor korxona 15 ming dollarlik debitor qarzini sudgacha to‘lab berdi. Shu bois sud jarima qo‘llashni rad qildi
Mavjud ma’lumotlar asosida Samarqanddagi mas’uliyati cheklangan jamiyatining 2020 yilning 1 oktyabr holatiga tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha 15 ming dollar miqdorida muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjudligi aniqlangan. Shu bois, soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni bartaraf etish yoki jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lab berish to‘g‘risida talabnoma yuborilgan.
Talabnomada debitor qarzdorlikni bartaraf qilish choralari ko‘rilmasa, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq hisoblangan 15 million 546 ming 720 so‘m moliyaviy jarimani qo‘llash bo‘yicha sudga murojaat qilinishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Shunga qaramay debitor qarzdorlik bartaraf etilmagan va jarima ixtiyoriy ravishda to‘lab berilmagan. Oqibatda viloyat davlat soliq boshqarmasi korxonaga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llashni so‘rab, sudga da’vo arizasi kiritgan.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq, chet eldan xorijiy valyutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan eksport qiluvchilar, shuningdek, “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida tovarlarni respublikaga olib kirish va rasmiylashtirishni, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatishni 30 bank kunidan ortiq ta’minlamagan import qiluvchilar (kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari uchun 60 bank kuni) belgilangan muddatlar tamom bo‘lgandan keyin 180 kungacha kechikkanda tushmagan valyuta mablag‘lari yoki “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtirilmagan tovarlar, shuningdek, bajarilmagan ishlar yoki ko‘rsatilmagan xizmatlar summasining 10 foiziga teng miqdorda;
180 kundan 365 kungacha kechikkanda tushmagan valyuta mablag‘lari yoki “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtirilmagan tovarlar, shuningdek bajarilmagan ishlar yoki ko‘rsatilmagan xizmatlar summasining 20 foiziga teng miqdorda qo‘shimcha;
365 kundan ortiq kechikkanda tushmagan valyuta mablag‘lari yoki “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtirilmagan tovarlar, shuningdek bajarilmagan ishlar yoki ko‘rsatilmagan xizmatlar summasining 70 foiziga teng miqdorda respublika byudjeti daromadiga qo‘shimcha jarima to‘laydi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, javobgar «Elastic Sam» mas’uliyati cheklangan jamiyati 2020 yil 16 dekabr holatiga 15 ming dollar muddati o‘tgan debitorlik qarzdorligi sudga da’vo ariza taqdim etilganidan keyin to‘liq bartaraf qilingan. Sud majlisida da’vogar vakili shu bois, arizani qanoatlantirishni rad etishni so‘radi.
Javobgar vakili U.Otaboyev sudga bankning ma’lumotnomasini taqdim etib, 2020 yil 16 dekabr holatiga «Elastic Sam» mas’uliyati cheklangan jamiyatining “Qingdao Wings Plastic Technoloy Co.,Ltd” xorijiy hamkori bilan tuzilgan 2019 yil 29 import kontrakti bo‘yicha debitorlik qarzdorligi mavjud emasligini bayon qildi.
Yuqoridagilarga asosan sud viloyat davlat soliq boshqarmasining javobgar jamiyatga 15 million 546 ming 720 so‘m moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi talabini qanoatlantirish rad etishni lozim, deb hisobladi. Viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan oldindan to‘langan 17 ming 840 so‘m pochta xarajatini zimmasida qoldirishni lozim topdi.
M.Do‘smatova,
Samarqand shahar iqtisodiy sudi sudyasi.