Samarqandda 1111 ta saylov uchastkasi tuzildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining bugun o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishida okrug hududida saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Saylov kodeksining 10-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan tuzilishi belgilangan.

Saylovchilarga mumkin qadar ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida saylov uchastkalari tumanlarning, shaharlarning, shaharlardagi tumanlarning chegaralari inobatga olingan holda tuziladi.

Uchastkalar harbiy qismlarda ham tuziladi va qismlar joylashgan yerdagi okruglarga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkin.

Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi.

Harbiy qismlarda, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, shuningdek olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari ana shu muddatda, ayrim hollarda esa saylovga kamida yetti kun qolganida tuziladi.

Majlisda tuman va shaharlar hokimliklari, harbiy qismlar komandirlari taqdimnomasi asosida okrug bo‘yicha 1111 ta saylov uchastkasi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda okrug matbuot markazi ham tashkil qilindi.

Yig‘ilishdan so‘ng o‘tkazilgan brifingda 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi F.Toshev komissiyasining faoliyati va bugun o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar haqida ma’lumot berdi.

– Tuman va shaharlar hokimliklari, harbiy qismlar komandirlari taqdimnomasi asosida okrug bo‘yicha 1111 ta saylov uchastkasi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildik – dedi F.Toshev. – Eng ko‘p – 175 ta saylov uchastkasi Samarqand shahrida bo‘lsa, eng kami Kattaqo‘rg‘on shahrida – 33 ta. Shuningdek Urgut tumanida 126 ta, Past Darg‘omda 90 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanida 87 ta saylov uchastkasi tuzildi. 

Harbiy qismlarda tuzilgan saylov uchastkalari 7 ta. Tibbiyot muassalalari, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida 37 ta, qamoqda saqlash joylarida (tergov hibsxonalari) 1 ta, ozodlikdan mahrum etish joylarida 1 ta, harbiy bilim yurtlari va ichki ishlar, milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar, mudofaa bo‘limlari kabi muassasalarda 3 ta uchastka tashkil etildi.    

Saylov uchastkalari tartib raqami, joylashgan yeri va ovoz berish binosi, telefon raqamlari ko‘rsatilgan holda mahalliy matbuotda e’lon qilinadi.

Matbuot anjumani davomida okrug saylov komissiyasi raisi va a’zolari ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berdi.