Samarqandda 22 ta joy nomlari qonun talablariga zid ekanligi aniqlandi
Joriy yilning 26 dekabr kuni Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Narpay, Nurobod, Jomboy va Urgut tumanlari geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash komissiyalari tomonidan ko‘chalar nomlarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflari O‘zbekiston Respublikasining 2011 yil 12 oktyabrdagi “Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonuni 4-moddasi talablari asosida ko‘rib chiqildi.
Qonunning 4-moddasiga asosan geografik ob’yektlarning nomlariga doir talablar quyidagicha belgilangan:
1) geografik ob’yektga eng xos bo‘lgan belgilarni aks ettirishi;
2) mazkur geografik ob’yekt joylashgan yerdagi geografik ob’yektlar nomlarining mavjud tizimiga mos tushishi;
3) mahalliy aholining fikrini hisobga olish;
4) qoida tariqasida, ko‘pi bilan uchta so‘zdan iborat bo‘lishi;
5) ko‘chalar, shohko‘chalar, mahallalar, maydonlar, bog‘larga va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga ayrim odamlar, jamoat arboblari, siyosiy arboblar ismi-sharifini berishga, qoida tariqasida, yo‘l qo‘yilmaydi, O‘zbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar bundan mustasno.
Narpay tumanida 950 ta ko‘cha, Nurobod tumanida 1 ta aholi punkti hamda 99 ta ko‘cha, Jomboy tumanida 225 ko‘cha, Urgut tumanida 174 ta qabriston nomlari viloyat komissiyasi tomonidan qonunda belgilangan tartibda atroflicha o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar natijasida 22 ta nom qonun talablariga zid ekanligi aniqlanib, ularning o‘rniga shu hudud milliyligini, urf-odati, etnik kelib chiqishini aks ettiruvchi nomlarni berish kerakligi aytib o‘tildi va yig‘ilish so‘nggida tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sherali TEMIROV,
viloyat hokimining maslahatchisi, komissiya raisi o‘rinbosari.