Samarqandda 412 ta yoki 33 foiz maktablarda sport zali yo‘q

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda 1255 ta ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 1247 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablari.

Ushbu maktablarning 835 tasida sport zallari bor. Sport zallarining kunlik umumiy quvvati 100 ming 200 ni tashkil etadi. Ya’ni, bir kunda 100 ming nafar bola maktab zalida sport bilan shug‘ullanishi mumkin.

Biroq 412 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida sport zallar mavjud emas. Yoki jami maktablarning 33 foizida jismoniy tarbiya darsi sport zalida o‘tilmaydi.

Ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunga qadar 400 ga yaqin umumiy o‘rta ta’lim maktablari bilan sport maktablari, federatsiyalar o‘zaro shartnoma tuzib, jismoniy tarbiya darslaridan keyin foydalanib kelmoqda. Boshqacha aytganda, maktablar sport zalida sport ustalari, trenerlar tomonidan darsdan keyin turli mashg‘ulotlar olib boradi.