Samarqandda 5 ta tumanda urug‘chilik xo‘jaliklari tubdan isloh qilinadi, kreditlar zamonaviy yo‘nalishlarga beriladi

Prezidentimizning joriy yil 11 avgustdagi “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qishloq xo‘jaligida qulay agrobiznes muhitini va yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatini tubdan isloh qilish, ularning moddiy-texnika bazasini yaxshilash, sohaga jahon tajribasi asosida qishloq xo‘jaligida bilim, innovatsiyalar va agroxizmatlar tizimini keng joriy etish maqsadida viloyat hokimining qarori ham qabul qilindi.

Bunda qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi doirasida viloyat agrotexxizmatlar markazini tashkil etish, xususiy biznes va ilmiy-tadqiqot muassasalarini jalb etgan holda demonstratsiya maydonlarini, zamonaviy laboratoriya, IT texnologiya, zaruriy inshoot va infratuzilmalarni yaratish hamda “ekstenshn” faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Agrotexxizmatlar markazida seleksiya, urug‘chilik, fitosanitariya, tuproq, suv tahlili va oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish, in-vitro, IT bo‘yicha statsionar va ko‘chma laboratoriyalarni qamrab olgan idoralararo hududiy yuqori texnologiyali laboratoriya tashkil etiladi. Ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda agrosanoat majmuiga kiruvchi tashkilotlarning faoliyatini viloyat agroxizmatlar markazi orqali samarali tashkil etish, zarur infratuzilma va texnologiyalar bilan ta’minlash, xususan, 4 ta ilmiy tadqiqot instituti stansiyalari va 6 ta ixtisoslashtirilgan tashkilotlar viloyat agroxizmatlar markazi imkoniyatlaridan foydalangan holda faoliyati yo‘lga qo‘yilib, zaruriy texnika va texnologiyalar bilan ta’minlanadi.

Viloyat qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi rivojlantirilib, Ishtixon, Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi va Payariq tumanlarida tashkil etilgan “Elita urug‘chilik xo‘jaligi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tubdan isloh qilinadi. Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida kreditlar faqat intensiv bog‘ va tokzorlar yaratish, mahsulotni qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va tashish. Energiya tejaydigan sug‘orish tizimlarini, zamonaviy issiqxonalardan tashqari ochiq maydonlarda suv tejovchi, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga beriladi.