Samarqandda 8 ming dollar evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilganlar fosh etildi
Bu safar ikki kishi qo‘lga olingan va firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti fakultet dekani o‘rinbosari B.K. fuqaro R.G.dan uning jiyani O.N. va singlisi A.D.ni Rosssiya Federatsiyasining DON davlat texnika universitetining “Masofaviy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishiga mazkur institutning “Qo‘shma ta’lim dasturi” bo‘limi boshlig‘i orqali kiritib qo‘yishga kelishgan.
Albatta, xizmat bepul emas - 8000 AQSh dollari evaziga.
Ya’ni, SamDAQI o‘qituvchisi egallab turgan xizmat mavqeidan foydalanib, firibgarlik va pora berishga dalolatchilik qilish yo‘li bilan noqonuniy boylik orttirishni maqsad qilgan.
Jori yilning 26 avgust kuni soat 12:30 larda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Samarqand tumani bo‘limi, viloyat IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida Samarqand shahar A.Temur ko‘chasida joylashgan “Atlas” savdo majmuasi oldida tezkor tadbirda o‘tkazilgan.
Tadbir davomida B.K. fuqaro R.G.dan oldindan 4000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor tadbir davomida B.K. fuqaro R.G.dan olgan pullarni Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti “Qo‘shma ta’lim dasturi” bo‘limi boshlig‘i O.O.ga olib borib berishi lozimligi yuzasidan ko‘rsatma bergan.
Mazkur ko‘rsatma asosida tezkor tadbir davom ettirilib, gumondor B.K. 4000 AQSh dollarini O.O.ning xizmat xonasiga olib borib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Fuqaro B.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi, 28, 211-moddasi 1-qismi va fuqaro O.O.ga nisbatan 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi.