Samarqandda 80 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan qonunbuzilish holatlari sodir etilgan
Viloyatda 2021 yil hosili uchun 94 ming 230 gektar g‘alla ekilgan bo‘lib, ushbu maydonlardagi ekinlar mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan vaqtida oziqlantirildi.
O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda boshoqli don ekinlarining 14 ming 813 gektar yoki 15,7 foizi boshoqlash va 79 ming 417 gektari yoki 84,3 foizi sut-mum pishish fazasida rivojlanmoqda. Bir kunda viloyat bo‘yicha 27 ming 558 gektar g‘alla maydonlarida to‘rtinchi sug‘orish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ammo hamma joyda ham g‘alla parvarishi yuzasidan belgilangan agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilyapti, deb bo‘lmaydi. “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan g‘alla parvarishi yuzasidan agrotexnik tadbirlar ijrosi yuzasidan 2021 yilning yanvar-aprel oylari davomida 2 ming 156 ta fermer xo‘jaliklari g‘alla maydonlaridagi boshoqli don ekinlari monitoring - tahlil tarzida o‘rganildi.
O‘tkazilgan tadbirlari davomida 80 holatda qonunbuzilishlar sodir etilganligi aniqlandi. Ularning oldini olish maqsadida mutasaddi tashkilot va idoralarga 14 ta taqdimnoma kiritilib, 10 ta yozma ko‘rsatma berildi.
Qonunbuzilishlar yuzasidan 22 holatda “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan ma’muriy qarorlar qabul qilindi, 34 ta qonunbuzilish holati yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborildi hamda ijrosi ta’minlandi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.